Oʻzbekistondan Xitoyga gilos eksport qilinadi

    Oʻzbekiston Respublikasining Pekindagi elchixonasi Guanchjou shahrida joylashgan Bosh konsulligi bilan hamkorlikda oʻzbek gilosining Xitoy bozoriga eksportini kengaytirish loyihasiga muvofiq, Oʻzbekistonning “Uz-Segang” MCHJ va Xitoyning “Guangdong Electric Shore SCM Texnoloji” kompaniyasi vakillari oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etdi.

    Uchrashuvda gilos eksporti boʻyicha Oʻzbekistonning salohiyati, asosiy parametrlari, taʼm sifati, rejalashtirilgan eksport hajmlari va logistika yoʻnalishlarining batafsil tavsifi taqdim etildi.

    Oʻz navbatida, Xitoyning “Guangdong Electric Shore SCM Texnoloji” kompaniyasi raisi Van Veyxan joriy mavsumda oʻzbek gilosini Xitoyga olib kirishga katta qiziqish bildirdi. Buning natijasida tomonlar Fargʻona vodiysidan Guanchjou shahrigacha havo yoʻli orqali sinov partiyasi yetkazib berilishiga kelishib olishdi.

    2019-yilda tashkil etilgan “Guangdong Electric Shore SCM Texnoloji” kompaniyasi ekzotik mevalar, muzlatilgan sabzavotlar, barra mol goʻshti, qoʻy goʻshti, tovuq goʻshti, dengiz mahsulotlari importi bilan shugʻullanadi. Mazkur kompaniya Xitoyning yirik ulgurji bozorlari, supermarketlari, elektron tijorat saytlari, muassasalari, yirik mehmonxonalari, davlat korxonalarini yuqori sifatli xorij mahsulotlari bilan taʼminlaydi.