Vashingtondagi Elchixonamiz maʼlumotiga koʻra, yuklar Solt-Leyk-Siti shahridan dengiz yoʻli bilan Latviyaga yetkazilgan. U yerdan diplomatik vakolatxonalarimiz koʻmagida Rossiya va Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga yetkazildi.

Umumiy qiymati 808 ming dollarga teng Insonparvarlik yuki Amerikaning “Globus Relief” xayriya tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash tizimini pandemiyaga qarshi kurash borasida mustahkamlash maqsadida taqdim etilgan.

“Globus Relief” notijorat tashkiloti 1996-yilda tashkil topgan. U tashkil topganidan boshlab dunyoning 140 dan ziyod mamlakatiga qiymati 1 milliard dollardan ortiq dori vositalari, tibbiyot uskunalarini yigʻib yetkazilishini taʼminlagan.

Insonparvarlik yuki oʻpkani sunʼiy nafas oldirish apparatlari, diagnostik apparatlar, sterilizatsiya konteynerlari, kreslo-kolyaskalar, ortopedik va jarrohlik asboblar va boshqa vositalardan tarkib topgan.

Yetkazilgan tibbiyot jihozlari Oʻzbekistonning uzoq rayonlardagi davlat tibbiyot muassasalariga tarqatiladi.

Oʻzbekistonga insonparvarlik yordami berish toʻgʻrisidagi qiymati 1,8 million dollarga teng boʻlgan kelishuv Elchi Javlon Vaxabovning AQSHning bir qator xayriya tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvi doirasida qoʻlga kiritilgan edi.

Ilgari “Project Hope” nodavlat tashkiloti tomonidan individual himoya vositalari, koronavirusni aniqlash uchun 20 mingdan ziyod test jihozlari, shuningdek tibbiyot uskunalari, jami 600 ming dollarga teng yuk yetkazilgan edi.

Oʻz navbatida iyul oyida Amerikaning “Adventistskoye agentstvo pomoщi i razvitiya” (ADRA) xayriya tashkiloti tomonidan Oʻzbekistonning yordamga muhtoj aholisiga oziq-ovqat (un, guruch, oʻsimlik yogʻi, dukkaklilar, tuz, shakar va goʻsht mahsulotlari) yetkazish loyihasi yoʻlga qoʻyilgan edi. Barcha oziq-ovqatlar Oʻzbekiston bozorlaridan sotib olingandi, va butun mamlakat boʻylab, jumladan Sirdaryo viloyatining may oyidagi suv toshqinidan jabr koʻrgan aholisiga ham tarqatilgandi.