Oʻzbekistonga benzin import qilish muammolari sanab oʻtildi

    Benzin importi savdosi bilan shugʻullanuvchilar bilan sohadagi mavjud muammolarni aniqlash va import imkoniyatlarni oshirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqishga bagʻishlangan “ochiq muloqot” oʻtkazildi.

    Raqobatni rivojlantirish va isteʻmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasida Qoʻmita rahbariyati A.Qayumov va F.Karabayev boshchiligida respublikamizda faoliyat yuritayotgan benzin importi savdosi bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan sohadagi mavjud tizimli muammolarni aniqlash va import imkoniyatlarni oshirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqishga bagʻishlangan “ochiq muloqot” oʻtkazildi.

    Uchrashuvda sohada mavjud tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, xususan avtomobil benzini importini oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Jumladan tadbirkorlar quyidagi muammolarni aytib oʻtishdi.

    1. Avtomobil benzini importi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun banklar tomonidan ajratilgan kredit yuklamasi yuqoriligi.

    2. Logistika narxlari yuqoriligi, Rossiyadan Keles chegarasigacha boʻlgan masofa (1700 km) uchun bir tonnasi uchun 150 doll boʻlgan bir paytda ichki temir yoʻl orqali tashish xizmati 8-10 km uchun 15-20 dollni tashkil etishi.

    3. Import qilingan va Rossiya tomonidan benzin mahsuloti barcha standartlarga toʻgʻri kelishi va sifati talabga javob berishi yuzasidan hujjatlar borligiga qaramay, respublikaga olib kirganda qoʻshimcha majburiy sertifikatlashdan oʻtkazish.

    4. Import qilingan benzin mahsuloti uchun QQS toʻlovini toʻlash muddati qisqaligi.

    5. Import qilish niyatida xorijiy davlatlarga pul mablagʻlarini oʻtkazib berganda, ushbu mablagʻlar geosiyosiy vaziyatlardan kelib chiqib taqiqlarga tushib qolgan vaqtlarda mahsulot oʻz vaqtida yetib kelmasligi kuzatilgan. Ayni shu davrda mahsulot relizatsiya qilinmagan biroq mablagʻlar oʻtkazilganligi uchun soliqqa tortilishi holatlari.

    6. Importyorlar katta hajmlarda benzin mahsulotini olib kirganda ularni saqlash uchun sigʻimlar mavjud emasligi hamda mavjud boʻlgan sigʻimlar ijarasi qimmatligi.

    7. Importyorlar Turkmaniston davlatidan benzin mahsulotini xarid qilish jarayoni juda koʻp vaqtni talab qilishi, natijada aylanma pul mablagʻlari muzlab qolishi.