Vazirlik tomonidan taqdim etilgan statistik maʼlumotga koʻra, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar sayohat davomida oʻrtacha 709,4 dollar sarflaydi. MDH mamlakatlari, xususan, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ukrainadan kelgan sayyohlarning oʻrtacha xarajatlari 635 dollarni tashkil etadi.
Qozogʻistonlik sayyohlar har bir sayohatga 158,3 dollar, turkmanistonliklar 104,6 dollar, qirgʻizistonliklar 99,3 dollar, Tojikistondan kelgan mehmonlar 60,4 dollar sarflaydi. Bu ushbu mamlakatlardan kelgan turistlarning Oʻzbekistonda qisqa muddat davomida boʻlishi bilan bogʻliq.
Milliy aviatashuvchi tomonidan aviaqatnovlar jugʻrofiyasini kengaytirish va xorijiy loukoster aviakompaniyalarni jalb etish, aviachiptalar tannarxini optimallashtirish, xizmat koʻrsatish xarajatlarini pasaytirish Oʻzbekistonda turizm sohasini tez tiklashga va sayyohlar sonini 6,7 milliongacha yetkazish imkonini beradi, - deyiladi manbada.