Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi. Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda 2022-yil boshidan buyon aholining milliy valyutadagi muddatli omonatlari bir yarim barobarga oshdi.
Jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, xomashyo va energiya resurslari narxlarining oshishi fonida 2022-yilning uchinchi choragida ham global inflyatsiyaning tezlashuvi davom etmoqda.
Inflyatsiya jarayonlarini jilovlash uchun jahon markaziy banklarining aksariyati monetar shart-sharoitlarni qattiqlashtirmoqda, bu esa shunga mos ravishda jahon bozorlarida moliyaviy resurslar narxining oshishiga olib keladi.
Xususan, AQSH Federal rezerv tizimi foiz stavkalarining oshishi va jahon valyuta-kredit sharoitlarining keskinlashuvi tufayli boshqa jahon valyutalari AQSH dollariga nisbatan qiymatini yoʻqotmoqda. Yil boshidan beri dollar indeksi 17 foizga oʻsgan va allaqachon 112 punktga etgan.
Markaziy bankning taʼkidlashicha, bu holat oʻz navbatida isteʼmoldagi import ulushi anʼanaviy yuqori boʻlgan va inflyatsiya kutilmalari valyuta kursi oʻzgarishiga sezgir boʻlgan mamlakatlarda inflyatsiya jarayonlarining tezlashishiga sabab boʻlmoqda.
Shu bilan birga, tashqi savdoning oʻzgargan tashqi muhitga moslashishi tufayli Oʻzbekistonga valyuta oqimlari hajmida ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekistonda aholining real daromadlari oshgani maʼlum qilingandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda iyulʼ oyi uchun inflyatsiya darajasi eʼlon qilingandi va Oʻzbekistonda 2025-yilgacha aholi jon boshiga YAIM 2500 dollarga etkazilishi aytilgandi.