Amerikalik oʻqituvchilar ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda oʻzbekistonlik hamkasblari bilan ingliz tili oʻqitish, kasbiy tayyorgarlik, ilmiy tadqiqot oʻtkazish va pedagogika sohasida tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan.

2021-yilning boshida ikki haftalik karantin va tanishtiruv dasturidan oʻtgan amerikalik oʻqituvchilar guruhi koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon AQSHning Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan ilk almashuv dasturi ishtirokchilaridir.

Oʻqituvchilarning aksari mahalliy oʻqituvchilar bilan bevosita darslarda ishtirok etadi.

Dastur doirasida joriy yilning fevral oyidan 2022-yil yanvar oyigacha 12 oy muddatga yetti nafar yuqori malakali ingliz tili murabbiylari umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilari oʻrtasida ingliz tili darslarini oʻtkazish va turli malaka oshirish seminarlarini tashkil etish, ingliz tili sohasida tajriba almashish boʻyicha turli tadbirlarda qatnashadilar.

Shuningdek, “Fulbright English Teaching Assistant” dasturi doirasida joriy yilning fevral oyidan 10 oy muddatga olti nafar ingliz tili mutaxassislari umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilar oʻrtasida ingliz tili darslarini oʻtkazish uchun jalb qilingan.

Mazkur mutaxassislar Oʻzbekistonning Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona, Jizzax, Navoiy viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat olib borishlari rejalashtirilgan.