Sogʻliqni vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu nufuzli anjumanda ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash sohasi masʼullari, diplomatik korpus vakillari, Hindistonning yetakchi xususiy tibbiyot markazlari hamda yirik farmatsevtik korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Xalqaro anjuman avvalida ikki davlatning tibbiyot sohasidagi hamkorligiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.
Shundan soʻng forumni Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov kirish soʻzi bilan ochdi.
Qayd etilganidek, Hindiston biz uchun ishonchli hamkor, strategik sherik. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali munosabatlar keyingi yillarda mustahkamlanib boryapti. BMT, SHHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik aloqalarimiz kengaymoqda.
Ikki davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqoti xalqlarimiz manfaati yoʻlida barcha sohalarda sheriklikni yuqori darajada rivoj toptirishga xizmat qilayotir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 27-yanvar kuni boʻlib oʻtgan “Hindiston — Markaziy Osiyo” birinchi sammitidagi nutqi hammamizning yodimizda. Oʻshanda davlatimiz rahbari Hindiston bilan taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish orqali, bu mamlakatning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini keng joriy qilish asosida inson kapitalini rivojlantirishni eng birinchi strategik ustuvor yoʻnalish sifatida eʼtirof etgandi.
Chindan ham, Hindiston tibbiyoti dunyo reytingida yuqori oʻrinlardan birini egallaydi. Shu bois bu yerda tibbiyot turizmi jadal rivojlanmoqda. Yuqori texnologik operatsiyalar, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish yoʻnalishlarida hind mutaxassislaridan oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp.
Shundan kelib chiqqan holda, keyingi yillarda hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda mamlakatimizda qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bu davlatning yirik va nufuzli klinikalari bilan birgalikda 10 dan ziyod tibbiyot muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
2022-yilda “NEPHROCARE HEALTH” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Nukus shahrida 150 oʻrinli, Bogʻot va Urganch tumanlarida 250 oʻrinli gemodializ markazlari ishga tushirilib, 12 mln. dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Ushbu kompaniya kuni kecha Toshkent shahrida ham 160 oʻrinli gemodializ markazini ishga tushirdi.
Bundan tashqari, 2020-yildan buyon Samarqand shahrida 10 mln. dollarlik investitsiya hisobiga tashkil etilgan “Zarmet Pratiksha”ning 180 oʻrinli klinikasi faoliyat olib bormoqda.
Oʻtgan yili 10 mln. dollar sarmoya hisobiga “AAKASH” kompaniyasi 100 oʻrinli klinikasini ochdi.
Yurtimizdagi 11 ta tibbiy oliy taʼlim muassasasi va sohaga ixtisoslashgan 74 ta kollejda tahsil olayotgan xorijlik talabalarning katta qismini hindistonlik yigit-qizlar tashkil etadi.
Joriy yilda Dehli va Haydarobod shaharlarida Toshkent tibbiyot akademiyasining vakolatxonalari ochildi.
Har yili 200 dan ortiq mutaxassislarimiz Hindistonning yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytayotgani ham ijobiy natija. Shu yil yakuniga qadar 1000 nafardan ortiq tibbiyot xodimlarimizni bilim va mahoratini oshirish uchun ushbu mamlakatdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari va klinikalarga joʻnatish belgilangan.
Oʻz navbatida, sogʻliqni saqlash sohasida Hindiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash, ayurveda taʼlimotlari va yoga amaliyoti hamda Ibn Sino risolalari asosida zamonaviy sogʻliqni saqlash yutuqlarini toʻldirib turadigan anʼanaviy tibbiyot usullarini joriy qilish borasida oʻzaro kelishuvlar mavjud. Xalqaro forum ana shu hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.
Forumda onlayn ishtirokchilar — Hindiston sogʻliqni saqlash va farovonlik vazirligi masʼullariga soʻz berildi. Maʼruzachilar oʻz chiqishlarida tibbiyotning asoschisi — buyuk tabib va alloma Abu Ali Ibn Sinoning Vatani boʻlgan Oʻzbekiston bilan sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashdan mamnun ekanligi, shu maʼnoda bugungi xalqaro anjumandan katta natijalar kutayotganini qayd etdi.
Soʻng Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat ushbu mamlakatning Ayush va portlar, dengiz va suv yoʻllari vaziri Sarbananda Sonovalning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Oʻzbekistonning Hindistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Axatov ham onlayn soʻzga chiqib, ushbu anjuman ikki davlat oʻrtasida tibbiyot sohasi boʻyicha aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishini aytib oʻtdi.
Tadbirda mamlakatlararo tibbiy hamkorlikni kengaytirish, sohani raqamlashtirish, tibbiy turizmni rivojlantirish, investitsiyaviy loyihalar qamrovini kengaytirish, tibbiy taʼlimda qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, xalq tabobati yoʻnalishiga doir qator masalalar muhokama etildi.
Xalqaro forum doirasida tibbiyot sohasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashdagi hissasi uchun qator Hindiston vakillariga “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda vazirlik tashakkurnomasi topshirildi.
Shuningdek, bir guruh hind ishtirokchilar Oʻzbekistonda tibbiy taʼlim, shifokorlar malakasini oshirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun mamlakatimiz tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining “Faxriy professori” unvonlari bilan taqdirlandi.
Ishtirokchilar kunning ikkinchi yarmida muhokamalarni ikki guruhga boʻlingan holda davom ettirishdi. Tibbiyotda taʼlim va ilm-fan transformatsiyasi birinchi guruh kun tartibidagi asosiy masala boʻldi.
Ikkinchi guruh yigʻilishida farmatsevtika va ayurveda, zamonaviy tibbiy texnologiyalar, davlat-xususiy sheriklik hamda tadbirkorlik masalalari muhokamalar markazida boʻldi.
Yakunda hindistonlik hamkorlar bilan umumiy qiymati 300 million dollarga teng 100 dan ortiq memorandum va shartnomalar imzolandi.