Malaka oshirish dasturi davlatimiz rahbarining hududlarga tashrifi davomida bergan topshiriqlari hamda Oʻzbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasi bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Turkiya Respublikasi Prezidentining Inson resurslari ofisi hamkorligida ishlab chiqildi.

Dastur boʻyicha delegatsiyamiz uchun Anqara, Istanbul va Koniya munitsipalitetlariga tashrif, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, rivojlantirish, qishloq hoʻjaligi, turizm, shaharsozlik kabi sohalarda uchrashuvlar hamda amaliy mashgʻulotlar tashkil etilgan.

— Mamlakatimizda islohotlarning navbatdagi bosqichi boshlangan, bu paytda xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish muhim hisoblanadi, — dedi Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirov. — Turkiyada kadrlarni davlat xizmatiga bosqichma-bosqich tayyorlash, malakasini oshirish, masʼuliyatli vazifalarga tayinlashda samarali natijaga erishilgan. Davlatda turizm xizmati, xorijiy sayyohlarga koʻrsatilayotgan xizmat turlari bilan yaqindan tanishdim. Kelgusida Buxoroda turizmni yanada rivojlantirishda ushbu amaliyotning samarali usullaridan foydalanishni maqsad qildim.

Taʼkidlash kerakki, delegatsiyamiz aʼzolari mahalliy boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini baholashni takomillashtirish, istiqbolli kadrlarni tanlash va saralash, hududiy dasturlar va yoʻl xaritalar ijrosini taʼminlash kabi yoʻnalishlarda ham tajribalarini orttiryapti.

— Oʻzbekistondan davlat boshqaruvi sohasida faoliyat olib borayotgan delegatsiya aʼzolari tajriba almashish, malaka oshirish maqsadida mamlakatimizga keldi. Biz delegatsiyani mamnuniyat bilan kutib oldik, — deydi Turkiya Respublikasining Ichki ishlar vazirligi masʼul vakili Begum Bulut. — Ushbu tashrif ikkala mamlakat davlat xizmatchilari oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlaydi va oʻzbekistonlik hamkasblarimiz uchun samarali boʻladi.

Safar dasturga muvofiq, delegatsiyamiz Turkiya Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi, Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Anqara hokimiyati va tuman hokimliklari, shuningdek turli ijtimoiy-iqtisodiy, ishlab chiqarish zonalarida boʻlib, muloqotlarda ishtirok etyapti.

— Turkiyada malaka oshirish davomida biz mamlakatdagi boshqaruv tizimi, inson resurslarini boshqarishning zamonaviy amaliyotini tatbiq qilish, davlat xizmatida karyera va samaradorlikni boshqarish kabi mavzular keng yoritilgan seminarlarda ishtirok etdik, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi Abatbay Daniyarov. — Ayniqsa, yoshlarga oid davlat siyosati, yoshlarga yaratilib berilayotgan imkoniyatlar haqidagi maʼlumotlar bilan qiziqib, har ikkala davlatning yoshlar siyosatidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga kelishib oldik. Xizmat safari davomida olingan tajriba va bilimlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yangi imkoniyatlarni yaratish uchun amaliyotga tatbiq etishda imkoniyatimiz yetarli deb hisoblayman.

Eslatib oʻtamiz, delegatsiyamiz tarkibiga 10 nafar tuman (shahar) hokimi va oʻrinbosarlari, yoshlar masalalarida samarali natija koʻrsatgan 5 nafar davlat xizmatchisi hamda 5 nafar maʼmuriy islohotlardagi ishchi guruh aʼzosi kiritildi.

Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.