Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar Janubiy Koreya Qurolli kuchlari tibbiyot maktabi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtganidan buyon ushbu kurslarda malaka oshirgan ilk xorijiy vakillar biri boʻldi.

Ushbu sohadagi shoshilinch tibbiy yordam kurslari AQSH Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, AQSH, Kanada, Germaniya va boshqa mamlakatlarning Qurolli Kuchlarida samarali ekanligi isbotlangan jangovar jarohatlarni davolash boʻyicha taktik kurslarga qoʻshimcha hisoblanadi.

Trening yakunida barcha oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar komissiya oldidagi amaliy sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdi. Kursni muvaffaqiyatli yakunlangani inobatga olingan holda, mamlakatimiz vakillariga sohada shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha xalqaro sertifikat va instruktor malakasi topshirildi.

-Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston harbiy tibbiyot xodimlari kurslarimizda ilk bor oʻqitilishi juda muhim, - deydi Janubiy Koreya Qurolli kuchlari tibbiyot maktabi katta oʻqituvchisi, podpolkovnik Kim Ge Xyon.

-Oʻzbek harbiy xizmatchilarining kurslarimizda birinchilar qatorida oʻqitilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi harbiy tibbiyot sohasidagi hamkorlikning yuksak darajasini yaqqol namoyon etadi, shuningdek, keng koʻlamli sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashish uchun katalizator boʻlib xizmat qiladi, - dedi Koreya Respublikasi Qurolli kuchlari tibbiy qoʻmondonligi qoʻmondoni, brigada generali Chxve Byung-sop.