Mazkur aribitraj roʻyxatidan oʻrin olish uchun xalqaro standartlar talabi darajasidagi bilim va salohiyat talab etiladi.

Quvonarlisi, yuridik fanlari doktori, professor, Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Islombek Rustambekov mazkur markaz arbitrlari roʻyxatiga kiritildi. Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk shunday voqelik boʻldi.

Maʼlumot uchun: ICSID - Jahon Banki tizimiga kiruvchi xalqaro tashkilot boʻlib, BMT tomonidan xalqaro investitsiya nizolarini hal etish uchun tuzilgan. Ushbu tashkilot 1966-yilda Davlatlar va ajnabiy shaxslar oʻrtasidagi investitsiyaga doir nizolarni hal etish tartibi toʻgʻrisidagi 1965-yil 18-martda qabul qilingan Vashington konvensiyasi asosida tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi mazkur konvensiyaga 1994-yilda qoʻshilgan.

Taʼkidlash joizki, Islombek Rustambekov Gonkong xalqaro arbitraj markazi (HKIAC), Kuala-Lumpurdagi Osiyo xalqaro arbitraj markazi (AIAC) (Malayziya), Delos mustaqil arbitraj instituti arbitrlari hamda Vena xalqaro arbitraj markazi (VIAC) (Avstriya) tomonidan tavsiya etiladigan mutaxassislar roʻyxatiga ham kiritildi.

Shuningdek, u Xalqaro arbitrlar instituti (CIArb), Hamjamiyat huquqshunoslar assotsiatsiyasi (CLA) (Buyuk Britaniya) va Tijorat arbitraji xalqaro assotsiatsiyasi (ICCA) (Niderlandiya) aʼzosidir.

Taʼkidlash joizki, I.Rustambekov xalqaro nizolarni hal etish, xalqaro arbitraj va mediatsiya masalalari boʻyicha bir qator oʻquv adabiyotlari va ilmiy maqolalar muallifi hamda mazkur masalalar boʻyicha xalqaro konferensiyalar maʼruzachisidir.

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA