Safar mamlakatimizning Rigadagi elchixonasi koʻmagida Yevropa Ittifoqidan grant mablagʻlarini jalb etish, shuningdek, “ENGINE” loyihasi doirasida Yevropaning eng ilgʻor amaliyotini oʻrganish maqsadida tashkil etildi.
“ENGINE” loyihasi YEIning “Central Asia Invest V” dasturi doirasida Latviya tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Amaliy safar doirasida meʼmor va quruvchilarni professional sertifikatlash tizimini joriy etish va tartibga solish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganishga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Latviya iqtisodiyot vazirligi, Milliy akkreditatsiya byurosi, Muhandislar va meʼmorlar uyushmasi va Qurilish nazorati davlat byurosida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Ikki mamlakatning qurilish standartlari, qurilishni sertifikatlash tartibi, shuningdek muhandislik-qurilish tashkilotlari sifatini nazorat qilish va baholash ishlari tahlil qilindi. Oʻzbekistonlik mutaxassislar shahar infratuzilmasini qurish jarayonlarini yagona boshqarishning davlat raqamli tizimini yaratish va ulardan foydalanish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
“Cleantech Latviya” ekologik klasteri ijrochi direktori Evia Pudane bilan uchrashuv chogʻida Oʻzbekistonga muhandislik, qurilish va loyihalash sohasida grant mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Safar yakunlari boʻyicha “UZACE” Oʻzbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi, “Cleantech Latviya” ekologik klasteri va Latviya issiqlik, gaz va suv muhandisligi texnologiyalari muhandislari uyushmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi.
Hujjat qurilishni sertifikatlash va standartlashtirish, muhandislik va arxitektura faoliyati sifatini nazorat qilish va baholash, raqamli dizayn texnologiyalarini joriy etish, qurilishni boshqarish jarayonini tizimlashtirish va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishni nazarda tutadi.