Oʻzbekistonlik mutaxassislar Rossiyada onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida yangi texnologiyalarni oʻzlashtiryapti

    Oʻzbekistonlik 9 nafar mutaxassis 23-sentyabrdan boshlab Moskva shahrida “Ona va bola oʻlimini kamaytirish yoʻllari” kursini oʻtyapti.

    Delegatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIOvaBSIATM) va uning hududiy filiallari, shuningdek Toshkent tibbiyot akademiyasi vakillaridan tarkib topgan.

    10 kunlik seminar Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Ona va bola oʻlimini kamaytirish yoʻllari” MDH, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi onalar, yangi tugʻilgan chaqaloqlar va 5 yoshgacha boʻlgan bolalar salomatligini muhofaza qilish loyihasi doirasida tashkil etilgan. Seminar ishtirokchilari Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Amerikalik mutaxassislaridan tarkib topgan.

    Oʻqish va tajriba almashish Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi “Akademik V.I. Kulakov nomidagi Akusherlik, ginekologiya va perinatal milliy tibbiyot tadqiqot markazi” Federal davlat byudjet muassasasining simulyatsiya-trening markazi va klinik-tashxis boʻlinmalari bazasida amalga oshirilyapti.

    Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi “Akademik V.I. Kulakov nomidagi AGvaPMTTM (NMIS AGiP)” FDBM (FGBU) direktori, Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi, Rossiya Federatsiyasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi Gennadiy Suxix aʼzo-mamlakatlarning ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida umumiy vazifasi mavjudligini va bu yerda zamonaviy tibbiyot fanini rivojlantirish uchun davlatlararo oʻzaro hamjihatlik muhim rol oʻynashini taʼkidladi.

    RIOvaBSIATM Namangan filiali direktori Rayxona Daminovaning fikricha, seminarda taqdim etilgan texnologiyalarni joriy etish ona va perinatal kasalliklari va oʻlimi koʻrsatkichlarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

    — Kulakov Markazi Rossiya Federatsiyasidagi ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasidagi yetakchi va bosh federal muassasa sanaladi. U Rossiya hududidagi barcha tugʻruq muassasalariga tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi. Shunga muvofiq, biz hududiy filiallarimizni mahalliy tugʻruq muassasalari bilan oʻzaro birgalikdagi harakatini tashkillashtirish masalasida ulardan oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp, — deb hisoblaydi RIOvaBSIATM kadrlar tayyorlash va shifokorlar malakasini oshirish boʻyicha direktor oʻrinbosari Timur Abduraimov. — Eng avvalo homilador ayolni yashash joyidagi poliklinikada hisobga olgan vaqtdan boshlab bu haqda hududiy filialdagilar ham, Ona va bola salomatlik markazidagilar ham bilishi uchun u toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni bitta maʼlumotlar bazasida konsentratlash yoʻli bilan tibbiy yordam koʻrsatishni yoʻlga qoʻyishni oʻrganishimiz kerak.

    — Shubhasiz, mazkur trening keyinchalik oʻzimizda yangi genetik laboratoriya texnologiyalarini qoʻllash uchun ilmiy nuqtayi nazardan juda foydali boʻldi. Biz albatta oʻzlashtirgan koʻnikmalarimiz va bilimlarimizni oʻz talabalarimizga, klinik ordinatorlarimizga, magistrlarimizga iloji boricha toʻlaqonli ravishda yetkazish istagidamiz. Bunday seminarlarni davom ettirish kerak, — deb taʼkidlaydi Toshkent tibbiyot akademiyasi oilaviy tibbiyotda akusherlik va ginekologik kafedrasi doktoranti, tibbiyot fanlari nomzodi Gulnoza Djurayeva.

    MDH mamlakatlari bugun bir-birining sogʻliqni saqlash tizimlarining rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiryapti. Mazkur treningning tashkillashtirilishi ham Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan. Bunday loyihalar har xil mamlakatlar tibbiyot xodimlarining tez-tez uchrashib turish, sogʻliqni saqlashga oid dolzarb masalalarni toʻgʻridan-toʻgʻri muhokama qilish imkonini yaratadi. Bu esa aholiga tibbiy xizmat koʻrsatishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va V.I. Kulakov nomidagi Rossiya Markazini vaqt bilan sinalgan hamkorlik munosabatlari bogʻlaydi. Bu tashkilotlar orasida bugun oʻzaro ikki tomonlama hamkorlik haqidagi Bitim harakatda. Ikki mamlakat mutaxassislari muntazam ravishda akusherlik va ginekologiya, neonatologiya, anesteziologiya-reanimatologiya, akusherlik ishlari kabi yoʻnalishlaridagi soʻngi ishlanmalari va toʻplangan bilimlari bilan oʻrtoqlashadi.

    Joriy yil 4-chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida Ona va bola markazi va uning filiallari mutaxassislarining navbatdagi guruhini malaka oshirish va ish joyida stajirovka oʻtash maqsadida Rossiya Federatsiyasi (Sankt-Peterburg, Yekaterinburg) va Belarus (Minsk)dagi yetakchi tibbiyot markazlariga yuborish rejalashtirilgan.

    Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.