O'zbekiston Notarial palatasi xorijiy hamkorlikni  kuchaytirish, xalqaro notarial maydonda O'zbekiston notariatining o'z o'rniga ega bo'lishi, notariatning o'zbek modelini ommalashtirish, shu bilan birgalikda ilg'or tajribalarni o'rganib, sohaga joriy etish orqali aholiga ko'rsatilayotgan xizmat sifatini oshirishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Shu munosabat bilan o'zbek notariuslarining malakalarini oshirish uchun chet ellarga safari muntazam amalga oshirilib borilmoqda. 

Shu kunlarda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mas'ul xodim va o'qituvchi -professorlari hamrohligida bir guruh notariuslar yaponiyalik hamkasblarining ish tajribalarini o'rganish maqsadida  Yaponiyada bo'lib turibdi.  

O'zbekistonlik notariuslar Yaponiya notariuslari milliy assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Yaponiya NMA vakillari bilan uchrashuv o'tkazilib, notariat sohasidagiyangiliklar borasida fikr almashildi.  Tushdan so'ng, mehmonlar  Tokio shahrining Kasumigaseki ko'chasida joylashgan notarial idoraga tashrif buyurdilar va yapon hamkasblarining aholiga huquqiy xizmat ko'rsatish uslublari bilan yaqindan tanishdilar.

Bugun, tashrifning uchinchi kuni, O'zbekistonlik notariuslar Yaponiya Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot va ta'lim institutining xalqaro hamkorlik bo'limiga tashrif buyurdi. Bu erda o'tkazilgan seminarda notariuslar e'tiboriga ushbu bo'lim faoliyati haqida taqdimot namoyish qilindi.  SHuningdek, yaponiyalik mezbonlar O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi YUristlar malakasini oshirish markazi faoliyati haqida taqdimot bilan tanishdilar.  

–  O'zbekiston delegatsiyasi Yaponiya Adliya vazirligida qabul qilindi.  Adliya vazirligining Fuqarolik huquqi boshqarmasida bo'ldik. Bu erda bizga Yaponiya notariat tizimi haqida batafsil ma'lumot berildi. Vazirlik qoshidagi Ilmiy-tekshirish va ta'lim universiteti Xalqaro hamkorlik bo'limiga tashrif buyurdik va bu erda notariat sohasida olib borilayotgan izlanishlar, eksponatlar bilan tanishtirishdi. Hammasi juda yuksak saviyada tashkil etilgan, - deydi Zangiota tumanida xususiy amaliyot bilan shug'ullanuvchi notarius Lola Samarxodjaeva.   

Eslatib o'tamiz,  Yaponiya aholisi 125   mln. nafardan ziyod, notariuslar soni – 500 nafar, notarius ayollar – 15 nafar, 286 ta notarial idora bor.  Yaponiyada 30 yil prokuror yoki sud`ya bo'lib ishlagandan so'nggina notarius bo'lish mumkin.