Yosh tadbirkorlar Amerika Qoʻshma Shtatlarida amaliyot oʻtadi

    Ta'lim 13 Oktabr 2022 2562

    Vashingtonda 7-sentyabrdan 4-oktyabrga qadar mahalliy tadbirkorlardan tashkil etilgan oʻn kishilik guruh “Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari” (“American Councils”) tomonidan AQSHda amalga oshirilayotgan “Uzbekistan Business Leaders” (UBL) dasturi doirasidagi oʻquvda ishtirok etdi.

    Dastur doirasida ishtirokchilar AQSH kompaniyalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralarida, Vashington, Ostin, Texas va Kaliforniyaning San-Diyego shaharlarida mehmonxona biznesi, IT va innovatsiyalar, inklyuziv taʼlim, kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, mebel ishlab chiqarish kabi sohalarda individual amaliyotni oʻtadi.

    Mamlakatimizning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov AQSH hududlariga tashriflari va yurtdoshlarimiz uchun treninglar yakunlari boʻyicha dastur ishtirokchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi, uning doirasida “UBL” kursini tamomlaganlik sertifikatlari topshirildi.

    Tadbirda mamlakatimiz tadbirkorlari toʻplangan tajriba va ikki mamlakat oʻrtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini yanada kengaytirish boʻyicha kelgusi rejalari haqida oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

    Ularning aytishicha, ushbu oʻquvlar unumli va juda foydali boʻldi. Amaliyot AQSHda tadbirkorlik faoliyatining zamonaviy metodologiyalarini oʻrganish, bilim va koʻnikmalarni oshirish, biznesning ayrim yoʻnalishlari boʻyicha amaliy tajriba orttirish, hamkorlikdan manfaatdor amerikalik hamkorlar bilan bevosita aloqalarni oʻrnatish imkonini berdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Eslatib oʻtamiz: “UBL” dasturi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladi va Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari tomonidan boshqariladi. Unga biznes, tadbirkorlik, ijtimoiy tadbirkorlik va innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi 22 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan mutaxassislar jalb etiladi. Dastur doirasida ishtirokchilar turli tijorat va notijorat tashkilotlarida, universitet biznes boʻlimlarida va tegishli davlat idoralarida ixtisoslashtirilgan professional amaliyot oʻtash uchun AQSHga taklif etiladi. 2018-yili Oʻzbekistonda Amerika kengashlari faoliyati tiklanganidan soʻng “UBL” ishtirokchilarining ushbu guruhi uchinchisi boʻldi. Birinchi guruh 2021-yil sentyabrda, ikkinchisi 2022-yil may oyida boʻlib oʻtgan.