O‘zbekistonlik o‘quvchilar xalqaro robototexnika musobaqasida oltin medalni qo‘lga kiritdi

    Ta'lim 30 Oktabr 2020 2574

    “Barkamol avlod” bolalar maktablari toʻgarak aʼzolarining ijodiy ishi xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.

    YRC-2020 xalqaro robototexnika musobaqasida “Barkamol avlod” bolalar maktabi toʻgarak aʼzolari “Chiqindilarni saralash” injenerlik loyihasi bilan ishtirok etib, eng yuksak unvon oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligining axborot xizmati xabar qildi.

    Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan oʻquvchilar jamoasi bugun Xalq taʼlimi vazirligiga taklif qilindi. Gʻoliblarni Xalq taʼlimi vazirligi nomidan vazir oʻrinbosari Rustam Karimjonov qutlab, ularga vazirlikning maxsus diplom va sovgʻalarini topshirdi.

    IYRC (International Youth Robot Competition) xalqaro robototexnika musobaqasi hisoblanib, 2014-yildan buyon 28 davlat aʼzolari ishtirok etib kelmoqda.

    Joriy yil xalqaro musobaqa Rossiya davlatida oʻtkazilishi belgilangan edi, lekin, pandemiya sababli ushbu musobaqa onlayn tartibda oʻtkazildi.

    Ushbu musobaqa asosan oʻquvchilarning injenerlik qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, oʻquvchilar tomonidan ixtiro qilingan yangi zamonaviy texnologiyalarini amaliyotga joriy etish orqali ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyiha hisoblanadi.

    Bu kabi yutuqlar Oʻzbekistonlik yoshlar uchun motivatsiya berish bilan bir qatorda ularning injenerlik qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Gʻolib jamoa aʼzolari bilan tanishing:

    Amirbek Roʻzimahkammadov

    Vladimir Budnikov

    Amir Ismoilov

    Sitora Islomova

    Amir Turdimatov

    Aleksander Pak