Oʻzbekistonlik sportchilar II MDH oʻyinlarida ishtirok etadi

    Sport 5 Yanvar 2023 1769

    MDHga aʼzo davlatlar vakillari Yangi yil arafasida Hamdoʻstlik mamlakatlari II oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhi yigʻilishida Musobaqa nizomini tasdiqladi.

    II MDH oʻyinlari joriy yil 4-14-avgust kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Musobaqa dasturidan koʻplab sport turlari oʻrin olgan. Oʻyinlar konsepsiyasi Belarusning 11 shahrida sportning 21 turi boʻyicha musobaqalar oʻtkazilishini nazarda tutadi. Xususan, turnir bahslari Minsk, Borisov, Brest, Vitebsk, Gomel, Grodno, Jlobin, Mogilyov, Molodechno, Orsha va Soligorsk shaharlarida oʻtkaziladi.

    MDH oʻyinlarda 3 mingga yaqin sportchi, murabbiylar, hakamlar, tibbiyot xodimlari va boshqalar ishtirok etishi kutilyapti. Oʻyinlarda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston sport delegatsiyalari ishtirok etadi. Moʻgʻuliston, Xitoy, Kuba, Eron, Oʻmon, Saudiya Arabistoni delegatsiyalarining ayrim sport turlarida ishtirok etish masalalari koʻrib chiqilyapti.

    I MDH oʻyinlari 2021-yil 4 - 11-sentyabr kunlari Qozon shahrida boʻlib oʻtgan edi. Musobaqada MDHning 9 davlati – Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston terma jamoalaridan 1 000 nafardan ortiq sportchi ishtirok etgan. Ishtirokchilar sportning 16 turi boʻyicha 181 ta medallar jamlanmasi uchun oʻzaro musobaqalashgan edi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.