O'zbekistonlik va tojikistonlik jurnalistlar o'zaro tajriba almashishdi

    Ayni kunlarda Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi a'zolari Toshkent shahrida bo'lib turibdi. Bugun Milliy matbuot markazida Tojikistondan tashrif buyurgan hamda o'zbekistonlik jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot tarzida davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda O'zbekiston Jurnastlari ijodiy uyushmasi raisi Olim O'sarov hamda Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi raisi Zinatulloh Ismoilzoda so'zga chiqib, bunday tashriflar ikkala davlatning ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, o'zaro tajriba almashish, hamkorlikni yo'lga qo'yishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlashdi.

    Ta'kidlanganidek, joriy yilning 7-may kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o'rtasida “Hamkorlik Memorandumi” imzolangan edi. Ushbu kelishuv asosida shu yilning 12-16-oktyabr kunlari bir guruh o'zbekistonlik jurnalistlar Tojikistonda ijodiy safarda bo'lib qaytishgandi. Endi esa tojikistonlik jurnalistlar O'zbekistonga kelishdi. Bunday muloqotlar ikki mamlakat jurnalistlarining hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o'zaro tajriba almashishda muhim ahamiyatga ega.

    Ochiq muloqot tarzida o'tgan tadbirda jurnalistlar so'zga chiqib, o'zlari faoliyat yuritayotgan televidenie, radio, bosma hamda internet nashrlar haqida ma'lumot berishdi.

    Tadbirda bir guruh o'zbekistonlik jurnalistlar Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi a'zoligiga qabul qilindi.