Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimlari, hamkor tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sportchilarning yaqinlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Marosim davomida chempionlarga agentlikning esdalik sovg‘alari topshirildi va ularning tarixiy yutug‘i munosib e’tirof etildi.
Joriy yilning 28 – 31-may kunlari Polsha Respublikasining Varshava shahrida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha XI jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Nufuzli musobaqada dunyoning 35 ta jamoasi ishtirok etdi.
O‘zbekiston sharafini Toshkent shahridagi 22-son mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan jamoa himoya qildi. Yosh futbolchilar musobaqa davomida yuqori mahorat va matonat ko‘rsatib, yettita uchrashuvda g‘alaba qozondi hamda final bahsida ham zafar quchib, jahon chempionligiga sazovor bo‘ldi.
Bu natija O‘zbekistonning mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatlaridagi eng yirik tarixi yutug‘i sifatida qayd etildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimi O‘tkir Namozboyevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston jamoasi so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda izchil natijalar qayd etib kelmoqda.
— 2022-yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda jamoamiz ikkinchi o‘rinni egallagan edi, — dedi u. — 2023-yilgi jahon chempionatida ham kumush medallarni qo‘lga kiritgan edik. Bu yil esa ilk bor jahon chempionligiga erishdik. Ushbu g‘alabadan keyin Yevropa davlatlarining qiziqishi yanada ortdi. Hozirda Portugaliyadan yangi xalqaro musobaqada ishtirok etish bo‘yicha taklif olingan va rasmiy taklifnoma kutilmoqda.
Jahon chempionati g‘olibi Shohrux Begmatov musobaqaga tayyorgarlik va g‘alaba haqida shunday fikr bildirdi:
— Polshaga O‘zbekiston nomidan borib, jahon chempioni bo‘lib qaytdik. Musobaqaga bir oy davomida puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Bizga yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdormiz. Bu g‘alaba orqali mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qildik. Kelgusida ham yangi yutuqlarga erishish uchun astoydil mehnat qilamiz.
Jamoa a’zolarining aytishicha, musobaqaning eng murakkab bahslari Polsha jamoasiga qarshi kechgan. Yarim finalda mezbonlar penaltilar seriyasida mag‘lub etilgan bo‘lsa, finalda ham O‘zbekiston jamoasi ishonchli o‘yin namoyish etib, 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Jamoa kapitani esa musobaqadagi eng unutilmas lahzalar haqida gapirib, guruh bosqichidan birinchi o‘rin bilan chiqqanlari va yarim finalda Polsha jamoasini mag‘lub etganlari eng katta hissiyotlarni baxsh etganini ta’kidladi.
— Polshaga qarshi penaltilar seriyasida darvozabonimiz bir nechta zarbani qaytardi, — dedi u. — Biz bilan birga boshqa jamoalar, hatto Chexiya terma jamoasi ham quvongani biz uchun katta motivatsiya bo‘ldi. Bu ruhiy ko‘tarinkilik finalda ham g‘alaba qozonishimizga yordam berdi.
Chempionat davomida O‘zbekiston jamoasi nafaqat jamoaviy o‘yini, balki alohida sportchilarining mahorati bilan ham ajralib turdi. Turnir yakunlariga ko‘ra, ishonchli harakatlari va yuqori saviyadagi o‘yini uchun Maksim Islomov musobaqaning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.
Yosh sportchilar mamlakatimizda sportni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan shart-sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirib, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlaganlaridan faxrlanishlarini ta’kidladilar. Ayniqsa, Polsha osmonida O‘zbekiston davlat bayrog‘i baland ko‘tarilgan lahzalar ularning hayotidagi eng unutilmas voqealardan biri bo‘lganini qayd etdilar.
Polsha Respublikasining Varshava shahrida o‘tkazilgan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha XI jahon chempionatida qo‘lga kiritilgan mazkur tarixiy g‘alaba O‘zbekiston sporti va ijtimoiy himoya tizimidagi yoshlar siyosati samaralarining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Dunyoning 35 ta jamoasi ishtirok etgan nufuzli musobaqada mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik yosh futbolchilar nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro sport hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lib, milliy sport tarixiga yana bir yorqin sahifa yozdilar.
Zulxumor Akbarova