Oʻzbekistonlik yosh olimlar Buyuk Britaniyada oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiyada qatnashdi

    Fan 17 Avgust 2022 1516

    Unda energetikadagi global oʻzgarishlar va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish hamda ularga moslashish borasidagi joriy chora-tadbirlar chorrahasida yuzaga keladigan keng koʻlamli ijtimoiy masalalar oʻrganildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan va “ERGO Analytics” tadqiqot kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan fundamental ilmiy tadqiqotlar loyihasining yosh olimlar ilmiy jamoasi “Science Direct” kompaniyasi koʻmagida Manchester Universiteti (Buyuk Britaniya)da oʻtkazilgan “Energy and Climate Transformations: 3rd International Conference on Energy Research & Social Science” xalqaro konferensiyasida qatnashdi. Energiya sohasidagi tadqiqotlar va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan bu xalqaro konferensiya energetika hamda jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro aloqani oʻrganish borasidagi asosiy global ilmiy forumlardan biri sanaladi.

    Konferensiya doirasida “ERGO Analytics” jamoasi Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan kelgan 20 dan ziyod muallif-ishtirokchilarning ilmiy tadqiqotlari taqdimotida, maʼruzalarda, vorkshoplar va muhokamalarda qatnashdi, shuningdek oʻtish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarda energetik qashshoqlik muammolarini hal qilishda innovatsion yondashish, energetikada ijtimoiy innovatsiyalar, energetik siyosatda gender tafovutini bartaraf etish va boshqa mavzulardagi spikerlarning maxsus sessiyalarida ishtirok etdi.

    Bundan tashqari ilmiy natijalar taqdimoti doirasida “ERGO Analytics” jamoasi “Renewable energy, CO2 emissions and innovative human capital: evidence from Europe and Central Asia” mavzusida ilmiy maqola maʼruzasi bilan chiqish qildi.

    Tadqiqot 1995-yildan 2015-yilgacha boʻlgan davrda Yevropa va Markaziy Osiyoning 26 ta mamlakatida ulgerod tashlamalari hamda innovatsion rivojlanish, iqtisodiy oʻsish, xorijiy kapital oqimi va qayta tiklanuvchan energiya manbalari oʻrtasidagi uzoq muddatli oʻzaro aloqani oʻrganadi.

    Tadqiqot natijalari koʻrsatishicha, Oʻzbekistondagi ITTKIga jalb qilingan tadqiqotchilar soni bilan oʻlchanuvchi innovatsion faoliyatning oʻrtadan yuqori daromad (upper middle income) darajasiga ega rivojlanayotgan mamlakatlarning oʻrtacha koʻrsatkichi miqyosigacha oʻsishi, energiya samaradorligining oshishi, yashil energetika sektorining oʻsishi va iqtisodiyot tarmoqlaridagi tuzilmaviy oʻzgarishlar tufayli, uzoq muddatli istiqbolda, iqtisodiy oʻsishgagina emas, balki mintaqada karbonat angidrit gazi tashlamasining 22 foizga qisqarishiga ham sabab boʻladi.

    Poster-sessiya doirasida jamoa Daniya, Polsha, Gretsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar olimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Ilmiy tadqiqotning natijalari “Elsevier” kompaniyasining iqtibos olish darajasi yuqori boʻlgan jurnallaridan birida chop etiladi va Scopus maʼlumotlar bazasida indeksatsiyalanadi, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.