Mamlakatimizda yoshlarga eʼtibor masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan boʻlib, ertamiz egalari oʻzlarining qiziqishlari boʻyicha har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu borada “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan ham neft va gaz sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlarga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy oʻquv yilida aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan bir guruh yoshlar Londonning Qirolicha Mariya va Brunel universitetlari hamda XALT Xalqaro biznes maktabiga, Germaniyaning Saarland universiteti, AQSHning Florida shtati universitetlarining magistraturasiga qabul qilindi. Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev xorijiy davlatlarning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olish imkoniga ega boʻlgan bir guruh yosh xodimlar bilan uchrashdi va ularni kelajakda yetuk mutaxassis kadrlar boʻlib, neft va gaz sohasiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishlariga ishonch bildirdi.
Boshqaruv raisi topshirigʻi bilan aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yoshlarning kontrakt pullari toʻlab beriladi va turar joy uchun mablagʻ ajratiladi. Shuningdek, har yili yosh kadrlar magistrlik darajasini olish uchun xorijiy davlatlarga oʻqishga yuboriladi. Uchrashuv chogʻida Mehriddin Abdullayev yoshlarga chet elda yurtimiz va “Oʻzbekneftgaz” AJ mavqeini yanada koʻtarish, Jamiyat brendini dunyoga tanitish kabi masʼuliyatlari ham borligini eslatib qoʻydi.
Shuningdek, yoshlarga maqsadlariga erishishlari uchun oʻz ustida tinimsiz ishlashlarini maslahat berdi.
Yoshlar esa oʻzlariga yaratib berilgan imkoniyatlar uchun Boshqaruv raisiga minnatdorchiliklarini bildirishdi. Berilgan imkoniyatdan toʻgʻri foydalanishib, Jamiyat rivoji uchun oʻz hissalarini qoʻshish va eng asosiysi bildirilgan ishonchni oqlashlariga vaʼda berishdi.
Uchrashuv yakunida Mehriddin Abdullayev tomonidan yoshlarga estalik sovgʻalar topshirildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati