Bugun, 13-may kuni Haj ziyoratiga yoʻl olgan hamyurtlarimizning ilk guruhi Madina shahriga yetib bordi, deya xabar qiladi muslim.uz portali.
Ziyoratchilarni Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, “Haj – 2025” ishchi guruhi vakillari, mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi “Haj” va “Umra” ishlari boʻyicha attashesi Shuhrat Amoniy va boshqa mutasaddilar kutib oldi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, gullar ila ikrom qilindi.
Ayni damda ziyoratchilar mehmonxonalarga joylashib boʻlganidan soʻng ixlosu imon bilan ibodatlarni ado etish, xususan, Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga oshiqmoqda.
Eslatib oʻtamiz, bu yil ham 15 ming nafar yurtdoshimiz haj amalini ado etishga muyassar boʻladi.








