Shunday lahzalar bo‘ladiki, ular inson qalbida umrbod muhrlanib qoladi. Ba’zan bir ezgu xabar yillar davomida dil tubida asrab kelingan orzularni ro‘yobga chiqarib, ko‘zlarga shukronalik yoshini keltiradi, qalblarga esa beqiyos umid, xotirjamlik va surur bag‘ishlaydi. Ayniqsa, muqaddas Ka‘batulloh ziyoratini butun umr armon va sog‘inch bilan kutib yashagan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz uchun kutilmaganda orzulari ushalgan o‘sha muborak onlar hayotning eng unutulmas, eng qutlug‘ va aziz damlariga aylanadi.
Inson qadri
ulug‘lanayotgan yangi O‘zbekistonda bu kabi saodatli lahzalar shunchaki tasodif emas,
balki insonparvar siyosatning amaldagi yorqin ifodasiga aylanayotgani ayni
haqiqat.
Bu yilgi muborak
Ramazon oyida amalga oshirilgan xayrli tadbirlar shu ezgu siyosatning yorqin
namunasi bo‘ldi. Ehtiyojmand aholi uchun ajratilgan mablag‘lar, yuzlab insonlarga umid
bag‘ishlagan bepul jarrohlik amaliyotlari, fayzli iftorlik dasturxonlari,
arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalari — bularning barchasi xalq dardi bilan
yashash, insonni rozi qilishdek oliy qadriyatning amaliy ifodasi sifatida qalblardan
chuqur joy oldi.
Bugun esa ana shu ezgu
ishlar mantiqiy davom etib, yana bir ulug‘ xayrli tashabbus xalqimiz qalbiga cheksiz
quvonch ulashmoqda. Ya’ni yuz nafar yurtdoshimiz Prezidentimiz nomidan haj safariga
yo‘llanma olish sharfiga munosib ko‘rildi. Bu nafaqat ularning hayotidagi eng unutulmas voqea, balki butun
xalqimiz uchun mehr-oqibat, ehtirom va insoniylikning yuksak namunasidir. Chunki
Ka‘batulloh ziyoratiga musharraf bo‘lish har bir musulmonning eng ulug‘ orzularidan
biridir.
Qalblarga surur
bag‘ishlagan bu saodatli ro‘yxatdan jizzaxlik 6 nuroniy ham o‘rin olgani voha ahli
tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi. Zero, yurt tinchligiga duog‘oy
bo‘lib, umri davomida halol mehnat va ezgulik bilan yashagan insonlarning muborak
haj safariga musharraf bo‘lishi nafaqat oilasi, balki butun mahalla va el-yurt uchun
ham katta sharafdir.
Xususan, Zafarobod
tumanida istiqomat qiluvchi Abduhoshim ota O‘rozovning xonadonida haqiqiy bayram
muhiti hukmron. Otahonning xonadoniga kirgan har bir inson bu yerdagi quvonch,
hayajon va shukronalik tuyg‘ularini yurakdan his etadi. Uning ko‘zlaridagi sevinch
yoshlari, farzandlari va yaqinlari chehrasidagi faxr va mamnuniyat bugungi ezgu
siyosatning eng ta’sirli ifodasi o‘laroq namoyon bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan
Jizzax viloyati hokimi Abduhoshim otaning xonadoniga tashrif buyurib, mamlakatimiz
yetakchisi nomidan haj safari uchun maxsus yo‘llanma hamda esdalik sovg‘alar
topshirdi. Samimiy muloqot, ezgu tilaklar va duolarga boy kechgan uchrashuv
xonadon ahli uchun umrbod yodda qoladigan unutilmas lahzalarga aylandi.
Nuroniylarga
ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va e’tibor xalqimizga xos azaliy qadriyatlarning
yana bir yorqin namunasi ekani ta’kidlandi. Zero, keksalarni e’zozlash, duosini
olish, ko‘nglini shod etish xalqimizning ma’naviy tayanchi, milliy qadriyatlarimizning
ajralmas qismi hisoblanadi.
Abduhoshim ota esa, o‘z
navbatida, ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga
cheksiz minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yangi
O‘zbekiston ravnaqi uchun samimiy duolar qildi.
“Mana shunday saodatli
kunlarga yetkazgan Yaratganga behisob shukr qilaman, — deydi Abduhoshim ota O‘rozov.
“Bugungi quvonchimni, qalbimdagi hayajon va shukronalik tuyg‘ularini so‘z bilan
to‘liq ifodalash juda qiyin. Rostini aytsam, hozir o‘zimni tush ko‘rayotgandek his
qilyapman. Boshimga baxt qushi qo‘ndi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki chekka
tumandagi oddiy qishloqda yashovchi, umrini halol mehnat bilan o‘tkazgan mendek bir
nafaqaxo‘r insonning ko‘nglidagi eng ulug‘ orzularidan biri ushalishi — beqiyos baxt”.
Bu mehr va e’tiborni
umrimning oxirigacha unutmayman. Nasib qilsa, muqaddas zaminlarda, duolar ijobat
bo‘ladigan muborak onlarda xalqimiz, Prezidentimiz va aziz vatanimiz haqqiga
samimiy duolar qilaman. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz tinch va farovon
bo‘lsin, yangi O‘zbekistonimiz yanada taraqqiy etsin, farzandlarimiz baxtli
kelajak sohiblari bo‘lishsin deb Yaratgandan so‘rayman.
Qariyb qirq yil umrimni
maktabga, ta’lim-tarbiyaga bag‘ishladim. Matematika fanidan o‘g‘il-qizlarga saboq
berdim. Shu bois, bugungi o‘zgarishlarni ko‘rib, qalbim quvonchga to‘ldi. Chunki biz
ishlagan davr bilan hozirgi kunni solishtirsam, yer bilan osmoncha farq bor. Ilgari
maktab degani qiyinchilik, mashaqqat va yetishmovchilik bilan bog‘liq edi. Bolalar
bilim olish o‘rniga oylab paxta dalalarida yurardi. Maoshimiz tirikchilikka arang
yetardi. Uni ham ba’zan ikki-uch oylab kutib olardik.
Bugun esa maktablarga
kirsam, havasim keladi. Zamonaviy binolar, shinam sinfxonalar, interaktiv
texnologiyalar, kitobga va ilmga e’tibor — bularning barchasi ta’lim sohasiga
davlat darajasida katta ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Yurtimizdagi islohotlar
zamirida aynan inson manfaati, uning qadri va baxtli hayotini ta’minlashdek ulug‘
maqsad mujassam. Abduhoshim ota kabi nuroniylarning qalbidan chiqqan samimiy
shukronalik va duolar esa bu ezgu siyosatning xalq qalbida chuqur aks sado
topayotganini yaqqol namoyon etadi.
Muqaddas haj safariga
otlanayotgan nuroniylarimizning ezgu tilaklari, yurt tinchligi va xalq farovonligi
yo‘lida qilayotgan samimiy duolari yangi O‘zbekistonda ma’naviy muhit yanada
yuksalayotgani, mehr-oqibat va insonparvarlik tamoyillari tobora mustahkamlanib
borayotganining yorqin ramzi sifatida barchamizning qalbimizga iliqlik, umid va
ishonch bag‘ishlaydi.
Farhod
NE’MATOV,
“Yangi
O‘zbekiston” muxbiri