Bu haqda Migratsiya agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil sentyabr oyida Seul shahrida Migratsiya agentligi va KIA Auto kompaniyasi oʻrtasida muhim kelishuvga erishilgan edi. Unga muvofiq, bugun kompaniya rahbariyati agentlikka tashrif buyurib, loyihani amalga oshirish boʻyicha aniq yoʻnalishlarni muhokama qildi.
KIA Auto — Koreya boʻylab 600 ga yaqin servis markaziga ega, yillik 1 milliondan ortiq avtomobillarga xizmat koʻrsatuvchi yirik tarmoq boʻlib, malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji yuqori.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, 2026-yil boshidan Migratsiya agentligi qoshida KIA Auto standartlari asosida jihozlangan oʻquv ustaxonalari ochiladi. 3 oylik dasturda koreys tili va madaniyati, texnika xavfsizligi, shuningdek, Koreya metodikasi asosida amaliy avtomobil servisi oʻqitiladi.
Oʻquvni muvaffaqiyatli tamomlaganlar Koreyada malakali mutaxassislar uchun moʻljallangan E-7 vizasi bilan ishga joylashtiriladi. Ushbu viza uchun asosiy talab — koreys tilini TOPIK 1 darajasida bilish.
Loyiha ahamiyati shundaki, Koreya Adliya vazirligi 2025-yildan boshlab avtomobil kuzovini boʻyash yoʻnalishiga xorijlik mutaxassislarni jalb etishga ruxsat berdi. Ilgari bu sohada faqat mahalliy kadrlar faoliyat yuritardi.
Oʻzbekiston mazkur loyihaga birinchi boʻlib jalb etilmoqda. Hamkorlikning asosiy maqsadi — yurtdoshlarimizning texnik malakasini oshirish, ularning xorijda tajriba orttirishi va qaytib kelgach, mamlakat avtomobil servis sanoatiga hissa qoʻshishidir.
Dasturning ilk ishtirokchisi boʻlish imkoniyati boʻyicha yangiliklar Migratsiya agentligi kanallarida eʼlon qilib boriladi.








