Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Oʻzbekistonning Qatardagi elchixonasi va Qatarning “Jusour” bandlik agentligi rahbariyatlari oʻrtasida onlayn uchrashuv oʻtkazildi.
Unda Qatar tomoni Oʻzbekistondan ishchi kuchini jalb qilish boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish istagida ekanligini va turizm, AyTi va tibbiyot sohalari mutaxassislariga talab va qiziqish mavjudligini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston Qatar davlati uchun har sohada strategik hamkor mamlakat hisoblanadi. Shu bois yurtingizdan malakali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha ham katta rejalarimiz bor”,- dedi Qatarning “Jusour” bandlik agentligi rahbari Abdulhodiy Bihayt Barqon.
Uchrashuvda ikki tomon ushbu imkoniyatlardan foydalanib, Oʻzbekiston fuqarolarini Qatar davlatida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun hamkorlik shartnomasini tez kunlarda imzolashga kelishib oldi.
“Jusour” bandlik agentligi Qatar hukumatiga tegishli boʻlib, mamlakat iqtisodiyotining asosiy sektorlarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash vazifasini bajaradi.