Oʻzbekistonliklar Tailandga vizani endi onlayn olishi mumkin

    Tailand Tashqi ishlar vazirligidan olingan maʼlumotga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab, Tailandning xorijdagi barcha elchixonalari va bosh konsullik muassasalarida elektron viza “e-Visa” xizmati ishga tushirildi.

    Xabarga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Tailandning xorijdagi 94 ta elchixonalari va bosh konsulxonalarida “e-Visa” xizmatidan foydalanish mumkin boʻladi.

    Elektron viza tizimiga koʻra, Tailand vizasi olishga murojaat qilmoqchi boʻlgan chet el fuqarosi https://thaievisa.go.th/ manzilidagi yangi onlayn elektron viza platformasi orqali ariza topshirishi kerak.

    Qayd etilishicha, ariza beruvchidan pasport va tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasini Tailand diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga shaxsan taqdim etishi talab qilinmaydi.

    Elektron viza arizasi maʼqullangach, arizachiga tasdiqlovchi elektron pochta xabari yuboriladi. Ariza beruvchidan joʻnash portidagi aviakompaniyaga va Tailandda immigratsiya xizmati xodimlariga taqdim etish uchun tasdiqlovchi elektron pochta nusxasini chop etishi soʻraladi.

    Amaldagi tartibga koʻra, 2024-yilning 15-iyul kunidan eʼtiboran Oʻzbekiston fuqarolariga Tailandga sayohat uchun 60 kungacha vizasiz rejim joriy etilgan. Elektron viza tizimida fuqarolarga turistik, biznes, oilaviy va boshqa viza turi 90 kun muddatga beriladi, — deya xabar bermoqda “Dunyo” AA.