Oʻzbekistonliklarga AQSH vizasini olish yengillashtiriladi

    Prezidentning “2025—2026-yillarda sayyohlar oqimini keskin koʻpaytirish va turistik xizmatlar koʻlamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi oʻrni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi.

    Unga koʻra, Tashqi ishlar vazirligi 3 oy muddatda AQSH fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston fuqarolariga AQSHga kirish uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar olib boradi.

    Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Ozarbayjon fuqarolari uchun Oʻzbekiston hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarga “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimi joriy qilinadi.

    Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oʻzaro vizasiz rejim ham joriy etiladi. Bu kelishuv ikki davlat fuqarolariga 30 kungacha vizasiz sayohat qilishga imkon yaratadi.

    Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonliklar “Green card” lotereyasida yutish orqali Qoʻshma Shtatlarda yashash huquqini qoʻlga kiritish boʻyicha dunyoda yetakchi uchlikka kirgandi.