O'zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o'rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “Bog'dorchilikning qiymat zanjiri infratuzilmasi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 244,75 million AQSH dollariga teng bo'lib, loyihaga Frantsiyaning “Ranjis-Samaris” kompaniyasi jalb qilingan.
Poytaxtimizdagi “FrankFort” mehmonxonasida O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi rahbariyati, Osiyo taraqqiyot banki hamda Frantsiyaning “Ranjis-Samaris” kompaniyasi vakillari ishtirokida loyiha taqdimoti bo'lib o'tdi.
— Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash, qadoqlash, saqlash, mahsulotlarni iste'molchilarga yetkazib berish hamda ulgurji bozorni o'z ichiga olgan yirik agrologistika komlekslarini tashkil etish loyihaning maqsadi etib belgilangan, — deydi loyiha rahbari Jasur Matrasulov. — Buning uchun umumiy qiymati 197 million dollar, quvvati esa 1,7 million tonna bo'lgan 3 ta yirik agrologistika markazi quriladi. Ular Toshkent viloyatidagi 30 gektar, Samarqanddagi 22 gektar va Andijondagi 18 gektar yer maydonlarida barpo etiladi.
Fransuz kompaniyasi bilan birgalikda loyiha doirasida hududlarning bozor konyunkturasi, transport qatnovi, atrof-muhitni o'rganish, infratuzilma va unga ulanish nuqtalariga texnik shartlar, kadastr hujjati, toposyomka, geologiya va gidrogeologiya ishlari amalga oshirilib, bosh rejalar ishlab chiqilgan.
Ma'lumot uchun, “Ranjis-Samaris” kompaniyasi bugungi kunda Parij atrofidagi yillik aylanmasi 9 milliard yevro bo'lgan dunyodagi eng yirik oziq-ovqat logistika markaziga egalik qiladi va dunyo bo'ylab samarali ulgurji oziq-ovqat bozorlarini qurish hamda tashkil etishda ilg'or tajribaga ega.