Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchisi Niderlandiyaga ham elchi boʻldi

    Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Gʻayrat Fozilov Niderlandiya TIV Protokol va ishlar departamenti direktoriga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Oʻzbekistonning Niderlandiyadagi elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan) Gʻayrat Fozilov ushbu davlat Tashqi ishlar vazirligining Protokol va qabul qiluvchi mamlakat bilan aloqalar departamenti direktori Xansu Akerbumga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo« AA.

    Tomonlar siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi Oʻzbekiston va Niderlandiya oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning rivojlanib borayotgan dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

    Joriy yilning aprel oyida Toshkent shahrida ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasida oʻtkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi yakunlari ijobiy baholandi va bu mexanizmni muntazam yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

    Suhbat chogʻida ikki va koʻp tomonlama formatdagi kelgusi rejalar, turli darajadagi boʻlajak uchrashuv va tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.

    Xans Akerbum Protokol boʻlimi elchixona faoliyatini, jumladan, Oʻzbekiston-Niderlandiya muloqotini mustahkamlashda har tomonlama yordam berishini tasdiqladi.