Ekspozitsiyada Anadoluning anʼanalari, hunarmandchilik va madaniyatni zamonaviy dizayn bilan birlashtirgan koʻp asrlik merosi taqdim etildi. Koʻrgazmada milliy matolar, qoʻlda toʻqilgan gilamlar, «telkari« va «kazaziyo« uslubidagi zargarlik buyumlari, kulolchilik namunalari, yongʻoqdan oʻymakor sandiqlar va misdan qoʻlda yasalgan idishlar namoyish etildi.
Koʻrgazmaga tashrif chogʻida Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdogʻan xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash haqida fikr almashdilar.
Tadbirda, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi munosabati bilan Nyu-York shahrida boʻlib turgan boshqa mamlakatlar davlat va hukumat rahbarlarining rafiqalari, xorijiy delegatsiyalarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdi.