O‘zbekistonning BMT “Elektron hukumat” reytingidagi o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi

    Raqamlashtirish 29 Sentabr 2022 1851

    Har 2 yilda bir marta Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy ishlar departamenti (UN DESA) tomonidan olib boriladigan Elektron hukumat so‘rovnomasi (E-government Survey)ning navbatdagi natijasi e’lon qilindi.

    Bunda 2020-yil 87-o‘rinda bo‘lgan O‘zbekiston, 2022-yilda BMTga a’zo 193 ta davlat orasida 69-o‘rinni egallab, 2020-yilga nisbatan 18 pog‘onaga ko‘tarildi.

    EGDI – elektron hukumat rivojlanishini baholash uchta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:

    1. Onlayn xizmatlarni taqdim etish (online service index – OSI);
    2. Telekommunikatsiya infratuzilmasi (telecommunication infrastructure index – TII);
    3. Inson kapitali (human capital index – HCI).

    Amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘rganilganda 2022-yil O‘zbekistonning EGDI ko‘rsatkichi 0,72 /69 o‘rinni (2020-yilda — 0,66 / 87-o‘rin) tashkil etib, dunyo bo‘yicha o‘rtacha 0,60 dan yuqoriladi.

    Sezilarli o‘zgarish telekommunikatsiya infratuzilmasi subindeksida kuzatildi. Bunda telekommunikatsiya subindeksi 0.47 dan 0.65 ga ko‘tarildi. Shuningdek, inson kapitali indeksida ham 0,77 ga o‘sish kuzatildi (2020-yilda - 0,74).

    Mazkur reytingda Daniya eng yuqori natija bilan birinchi bo‘ldi. Osiyo mamlakatlari orasidagi peshqadam Janubiy Koreya umumiy reytingda uchinchi o‘rinni egalladi.

    O‘zbekistonning elektron hukumat reytingida ijobiy natijalarga erishishi mamlakatimizda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” davlat dasturi doirasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani bilan chambarchas bog‘liq.

    Mazkur dastur doirasida asosan aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson qadri tamoyiliga asoslanish sari katta qadam tashlandi. Xususan, fuqarolar yangi xizmatlar bilan boyib borayotgan my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali hayotiy vaziyatlarda ko‘p duch kelinadigan 340 dan ziyod elektron davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, aholining elektron hukumat va elektron davlat xizmatlari bo‘yicha ko‘nikmasini oshirish maqsadida “Qulay hayot”, “Siz tomon yo‘l oldik” loyihalari yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarning aynan elektron davlat xizmatlari bilan bog‘liq savollariga tezkor va samarali javob berish uchun “1242” qisqa raqamli Call-markaz tashkil etildi. Shuningdek, joriy yilda xalqaro standartlar asosida elektron hukumatning poydevori vazifasini bajaruvchi Yagona ma’lumotlar markazi barpo etildi.

    Olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijasida elektron davlat xizmatlari foydalanuvchilari so‘nggi bir yilda 2 barobarga ko‘payib, qariyb 3 million foydalanuvchiga yetdi.

    Belgilangan vazifalarni tizimli ravishda amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan joriy yilning avgust oyida qabul qilingan “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror kelgusi ikki yilda sohani rivojlantirishdagi asosiy maqsad va vazifalarimizni belgilab berdi.