Maqola shu yil aprel oyida Xiva shahrida boʻlib oʻtgan Lazgi xalqaro raqs festivalida ishtirok etgan yetakchi turizm blogeri Karen Anand qalamiga mansub.

Muallif dastavval gazetxonlar eʼtiboriga mamlakatimizning boy tarixiga oid maʼlumotlarni havola etgan. “Oʻzbekiston asrlar davomida Xitoyni Yaqin Sharq va Yevropa bilan bogʻlaydigan Buyuk Ipak yoʻli deb nomlangan quruqlikdagi savdo yoʻllari kesishgan makon boʻlib, Aleksandr Makedonskiy, Marko Polo va Chingizxon ushbu hududlardan oʻtganligi tarixdan maʼlum. Oʻzbekiston hududida dunyoning eng qadimiy shaharlari joylashgan”, deb yozadi u.

Karen Anand Oʻzbekiston viloyatlarining oʻziga xos pazandachilik sanʼati, betakror mehmondoʻstlik anʼanalari toʻgʻrisida ham qiziqarli maʼlumotlarni qalamga olgan.

Muallif bu gal Oʻzbekistonga beshinchi bor sayohat qilganini va oʻz safari davomida Xiva shahrida tashkil etilgan Lazgi xalqaro raqs festivalida qatnashganini maʼlum qilar ekan, “The Telegraph” muxlislarini ushbu koʻhna shaharning boy meʼmoriy yodgorliklari bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan. “Bu koʻhna shahar X-XIV asrlar oraligʻida Buyuk Ipak yoʻlida gullab-yashnagan, gavjum yirik savdo markazi boʻlishi bilan birga xorijlik savdogarlar va karvonlar uchun mashhur xordiq chiqarish maskani vazifasini ham oʻtagan”.

Xivaning diqqatga sazovor joylari sifatida Ichon qalʼa meʼmoriy yodgorligida joylashgan Tosh hovli, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa qadamjolar sanab oʻtilgan. Sanʼat va hunarmandchilikka oid maʼlumotlar ham hind jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotishi shubhasiz.

Lazgi xalqaro raqs festivali toʻgʻrisida hikoya qilar ekan, muallif badiiy bezaklarni mohirona ishlatgan holda ushbu milliy raqs turining yaratilish tarixi bilan batafsil tanishtiradi. “Lazgi qadimgi xorazmliklarning ming yillar davomida yashagan mahalliy muhitning koʻpgina xususiyatlarini oʻziga singdirgan raqsdir”, deb yozadi hind blogeri.

Maqolada mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati haqidagi maʼlumotlarga ham salmoqli oʻrin berilgan. “Oʻzbekistonda tez orada sayyohlik avj pallaga chiqadi. U yerning yozi issiq, qishi esa sovuq. Shu sababli sayohat qilish uchun eng qulay va maqbul vaqt – aprel-may va sentyabr-oktyabr oylari. Agar siz Buyuk Ipak yoʻlini koʻrishni orzu qilgan boʻlsangiz, bu borada Oʻzbekiston sizga barcha imkoniyatlarni taklif eta oladigan mamlakatdir. Darhaqiqat, bu goʻzal oʻlka har jihatdan tashrif buyurishga arzigulikdir. Uni albatta sayohat qilishingiz shart boʻlgan manzillar roʻyxatiga qoʻshing!”, deya oʻz maqolasini yakunlaydi bloger Karen Anand.