Uchrashuvda O‘zbekiston–Britaniya hamkorligining kun tartibi va uni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tariq Ahmad so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashgan va yangi mazmun bilan to‘ldirilayotgan ikki tomonlama muloqotning izchil sur’atini yuqori baholadi. Xususan, yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar soni ortib borayotgani, yaqin siyosiy va parlamentlararo muloqotlar, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar chuqurlashib borayotgani qayd etildi. Britaniya tomoni O‘zbekistonda izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar va keng ko‘lamli modernizatsiya, uning pragmatik va mas’uliyatli tashqi siyosatini olqishladi hamda mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanini bildirdi.
TIV rahbari o‘rinbosari Buyuk Britaniyadagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Said Rustamovga ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi ochiq, konstruktiv va do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan samarali va ijodiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Said Rustamov 2019-yilning oktyabr oyida Buyuk Britaniyadagi elchi lavozimiga kirishgan edi. Bungacha u Isroildagi elchixonani boshqargan, TIVning qator boshqarmalariga rahbarlik qilgan, AQSHdagi elchi o‘rinbosari, vazir yordamchisi vazifalarida ham ishlagan.