Tarixchi olim Boʻri Qodirov muallifligida nashr etilgan “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” nomli (“Yoshlar mediaprint” nashriyoti, – Toshkent, 2025, 432 b.) oliy taʼlim muassasalarning nomutaxassis taʼlim yoʻnalishlari uchun darsligi, shuningdek, “Oʻzbekistonning eng yangi tarixidan izohli lugʻat” (“Bookmany print” nashriyoti, – Toshkent, 2024, 230 b.) hamda “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi fanidan mustaqil taʼlimni tashkil etish” (“Yoshlar mediaprint” nashriyoti, – Toshkent, 2025. 192 b.) oʻquv-uslubiy qoʻllanmalari bu borada oʻzining bir qator xususiyatlari bilan katta ahamiyatga egadir.

Muallif tomonidan “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” darsligi oʻquv dasturlarda koʻrsatilgan mavzular asosida yaratilgan boʻlib, unda Oʻzbekistonning mustaqillikka erishish jarayonlari, istiqlol yillarida yurtimizda demokratik-huquqiy davlatning barpo qilinishi, mamlakatda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, shuningdek, mamlakatimizning tinchliksevar tashqi siyosati masalalari yangi materiallar asosida boyitilgan. Darslikda Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi va yangilangan Konstitutsiyasining oʻziga xos tomonlari va mazmun-mohiyatiga ham katta ahamiyat qaratilgan.

Darslikda har bir mavzu oxirida tayanch soʻzlar, mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar, foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati keltirilgan. Kitobda shuningdek, boshqa darsliklarda uchramaydigan Oʻzbekistonning mustaqillik arafasi va mustaqillik yillardagi, Yangi oʻzbekiston davrida roʻy bergan muhim tarixiy sanalar ketma-ketlik asosida keltirib oʻtilgan.

“Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” kitobining oʻzga xos jihatlaridan yana biri, mamlakatimizning bugungi taraqqiyot davrida yuz berayotgan inqilobiy oʻzgarishlarning koʻlami va shiddati, ularning xalqimiz, har bir shaxs hayotidagi oʻrni va taʼsiri turli misollarda yoritib berilganligi bilan bogʻliqdir. Ayniqsa, kelajagimiz boʻlgan yosh avlodni oʻz vataniga boʻlgan mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashda va ularda yuksak maʼnaviy fazilatlarni shakllantirishda, milliy ong va sogʻlom fikr uygʻotishda, vatan, xalq va istiqlol taqdiri uchun gʻoyaviy kurashuvchanlik ruhida tarbiyalashda, shuningdek, yuksak maʼnaviyatli komil inson boʻlib shakllanishida ushbu nashrlarning ahamiyati kattadir. Shu bilan bir qatorda, bu fan xalqimiz tarixini haqqoniy tasvirlovchi, aks ettiruvchi koʻzgu, ijtimoiy, siyosiy, tarbiyaviy, maʼnaviy saboqlar majmuasidir, desak xato boʻlmaydi.

B.Qodirov tomonidan tayyorlangan kitoblardan yana biri − “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi”dan izohli lugʻat” nashridir. Ushbu izohli lugʻat keng qamrovli boʻlib, asosan, shu paytga qadar Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha yaratilgan darslik, oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy-tadqiqot ishlari va tarixiy asarlarda uchraydigan atamalarning izohiga bagʻishlangan. Mazkur lugʻat fan dasturlarida qamrab olingan mavzularga ham tayanganligini alohida qayd etmoq lozim. Lugʻatdan oʻrin olgan har bir atama oʻtmishda va tarixiy manbalarda qanday yozilganligiga qarab alifbo tartibda, soʻzlarning etimologiyasi esa qavs ichida berib oʻtilgan. Bu esa, oʻquvchida Oʻzbekistonning eng yangi tarixida duch keladigan atamalarni mukammal bilish imkonini beradi.

B.Qodirov tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil taʼlimni tashkil etish” oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” fanidan talabalar mustaqil taʼlimini tashkil qilish” namunaviy va ishchi oʻquv rejalariga mos holda ishlab chiqilgan boʻlib, u oliy taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim uchun ajratilgan mavzularni talabalar tomonidan yanada puxta oʻzlashtirishlari uchun yordamchi manba vazifasini bajarishi bilan katta ahamiyat kasb etadi.  

Qoʻllanmada talabalar mustaqil ishlarini tashkil qilish jarayonida maʼlum mavzu boʻyicha maʼruza matini, referat, kurs ishi, slayd, koʻrgazmali vositalardan foydalanish va grafik ishlarini bajarish, maket, model va badiiy asarlar ustida ishlash, amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish, test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash, ilmiy maqola, tezislar va amaliy mazmundagi nostandart masalalarni yechish hamda ijodiy ishlash masalalarini bajarishga eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil taʼlimni tashkil etish” boʻyicha tayyorlangan oʻquv-uslubiy qoʻllanmada staqil taʼlimni toʻgʻri tashkil qilish va talabalar bilan birgalikdagi faoliyat jarayonida muvaffaqiyatli natijalarga ega boʻlish rahbar (oʻqituvchi)dan nafaqat oʻzi oʻtayotgan fan yuzasidan chuqur bilimga ega boʻlishi, balki, ayni vaqtda talabalar bilan ishni toʻgʻri tashkil qilish, har bir talabaning iqtidori va qobiliyatini imkon qadar hisobga olgan holda yondashishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Qoʻllanmada shuningdek, rahbar (oʻqituvchi) fan (kurs) yuzasidan maʼruza va seminar (amaliy, laboratoriya) mashgʻulotlari jarayonida turli pedagogik texnologiyalar va interaktiv uslublarni qoʻllagan holda har bir talabaning oʻziga xos hislatlarini aniqlab, mustaqil taʼlim boʻyicha maslahat darslarida talabalarga toʻgʻri yoʻnalish bera olishi va mustaqil taʼlimni tashkil qilishdan koʻzlangan maqsadga erisha olishi masalalari ochib berilgan.

 Bir soʻz bilan aytganda, “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” darsligi yonida “Oʻzbekistonning eng yangi tarixidan izohli lugʻat” hamda “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” fanidan mustaqil taʼlimni tashkil etish” oʻquv-uslubiy qoʻllanmasining yaratilganligi Vatanimizning eng yangi tarixini oʻquvchi va talabalar tomonidan chuqur va puxta oʻzlashtirishlarida muhim manba vazifasini bajaradi.

B.Qodirovning shu kunga qadar, “Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorlik aloqalari: yangi davrning boshlanishi” (2022), “Oʻzbek mitlliy falsafa maktabining asoschisi” (2022), “Abdurauf Fitrat-Turkiston jadidchiligining asoschisi” (2024), “Mahmudxoʻja Behbudiy - buyuk maʼrifatparvar” (2024), “Munavvar qori Abdurrashidxonov - ilm-maʼrifat targʻibotchisi” (2024), “Abdulhamid Choʻlpon - ozodlik va adolat kuychisi” (2024), “Abdulla Qodiriy - oʻzbek romanchilik maktabining asoschisi” (2024), “Elbek (Mashriq Yusupov) pedagog, tilshunos va shoir” (2024), “Usmon Nosir - otashin shoir, tarjimon va dramaturk” (2024), Botu (Mahmud Hodiyev) - shoir va jamoat arbobi” (2024), Isʼhoqxon toʻra Ibrat - maʼrifatparvar shoir va tarixchi” (2024) nomli turkum risola va kitoblari chop etilgan.

B.Qodirovning Oʻzbekistonning eng yangi tarixiga oid yangi oʻquv qoʻllanmalari koʻp yillik ilmiy izlanishlari samarasi ularoq yuzaga kelgan boʻlib, ularning har biri oliy taʼlim muassasalari talabalari, tadqiqotchi olim va keng kitobxonlar uchun moʻljallangan.

Shuhrat Hayitov,

filologiya fanlari doktori