Oʻzbekistonning FAO bilan hamkorligi yang loyihalar doirasida davom etadi

    Agrosektor 3 Iyul 2023 1320

    Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Rim shahrida oʻtayotgan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning 43-konferensiyasi doirasida FAO bosh direktorining oʻrinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin bilan uchrashdi.

    FAO 1945-yil 16-oktyabrda tashkil topgan boʻlib, 1946-yilda BMTning oziqlanish, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha ixtisoslashgan muassasasi maqomiga ega boʻldi. Tashkilotning bosh qarorgohi Rim (Italiya)da joylashgan boʻlib, 194 ta davlat tashkilot aʼzosi sanaladi.

    Oʻzbekistonning FAO bilan hamkorlikdagi qoʻshma loyihalarining jami soni 66 ta boʻlib, umumiy qiymati 70,05 million dollarni tashkil etadi. Bugunga qadar jami 15,03 million dollarlik 33 ta loyihani amalga oshirish yakunlandi. Hozirda 33 ta loyiha ustida ish olib borilyapti (umumiy qiymati – 55,14 million dollar) va umumiy qiymati 41,3 million dollarga teng 4 ta loyiha ishlab chiqilyapti.

    Uchrashuvda vazir tashkilot bilan hamkorlik joʻshqin borayotganligini qayd etdi, Oʻzbekiston tomoni qishloq hududlarini rivojlantirish va mamlakat oziq-ovqat tizimini qayta tashkil etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishdagi FAOning rolini yuqori baholashini maʼlum qildi.

    Shuningdek, uchrashuvda FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi faoliyatini kengaytirish lozimligi taʼkidlandi, kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu maqsadda oʻzbekistonlik yoshlar uchun qoʻshma dastur tashkil etish taklifi oʻrtaga tashlandi.

    Aziz Voitov taʼkidlaganidek, 7-8-sentyabrda Samarqandda FAO bilan hamkorlikda Oziq-ovqat xavfsizligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Uchrashuvda ushbu global ahamiyatga ega tadbirni oʻtkazishga oid tashkiliy masalalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.