Iqtisodiy rivojlanishning bugungi bosqichida bandlik muammolarini bandlikning yangi, ilg'or shakli — masofadan turib ishlash orqali hal etish mumkin. Zamonaviy bandlikning ushbu turi har xil nomlar bilan nomlanadi: internet-ishlash, masofadan turib ishlash yoki frilans. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti O'zbekistonda qonunchilik bazasiga ega bo'lgan frinlans rivojlanishining jahon tendentsiyalarini o'rgandi va mamlakatimizning Jahon banki metodikasi asosida hisoblangan 2015—2020-yillarda frilans bozoriga kirishga tayyorligi indeksi o'zgarishlarini baholadi.
2015—2020-yillar davomida O'zbekistonning frilans bozoriga kirishga tayyorligi indeksi 45,7 dan 56,6 ga oshgan. Bunga 3-bo'lim ko'rsatkichlari bo'yicha yaxshilanishlar katta ta'sir ko'rsatdi. Masalan, “Infratuzilma” bo'limi bo'yicha o'rtacha ko'rsatkich 40,5 dan 61,6 ga o'sgan.
Eng katta o'sish darajasi xalqaro ma'lumotlar uzatish tarmog'ining o'tkazish qobiliyati (74,7 barobar o'sgan), masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar (jismoniy shaxslar) soni (14 barobar), belgilangan keng polosali internetdan foydalanuvchi abonentlari soni (2,4 barobar), aholining internet bilan ta'minlanganligi (2,2 barobar) kabi ko'rsatgichlar bo'yicha qayd etilgan.
2017—2020-yillar davomida mamlakatimizda frilansni rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratish bo'yicha chora-tadbirlar qabul qilindi: o'zini o'zi band qilgan shaxslar (frilanserlar) faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar berish bo'yicha me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi; yoshlar o'rtasida komp`yuter savodxonligini oshirish va IT sohalar bo'yicha malaka oshirish dasturlari qabul qilindi.
Ekspertlar baholashni o'tkazishda Butunjahon bankining “Mamlakatning onlayn-autsortingga tayyorgarligi haqida”gi (Assessing Country Readiness for Online Outsourcing) uslubiyotidan foydalanishdi. Bu usul bugungi ko'rsatkichlarga moslashtirilgan.
Shu tariqa O'zbekistonning frilans bozoriga tayyorligini baholashda 27 ta ko'rsatkichdan foydalanildi. Bu ko'rsatkichlar 4 bo'limga ajratilgan bo'lib, iqtidorlilarning mavjudligi va sifati, xarajatlar, infratuzilma hamda qulay imkoniyatlar yaratishga e'tibor qaratildi.
Ma'lumotlarni yaxlit formatga o'tkazish maqsadida Z-o'zgartirish usuli vositasida standartlashtirish jarayoni o'tkazildi. Biroq, o'zgartirilgan ma'lumotlardagi salbiy ko'rsatkichlar hisob-kitoblarning talqin qilinishida qiyinchilik yaratmoqda. Shu sababli Z talqinidagi yaxlit ijobiy raqamlarni qayd etishda maxsus to'g'ridan-to'g'ri o'zgartiruvchi usullarni qo'llash mumkin.
Misol uchun, T-shkalaga o'zgartirishda shunday qilish mumkin. Mazkur shkala z-ko'rsatkichlar -5 dan +5 oralig'ida bo'lganda kasrli va salbiy ko'rsatkichlardan voz kechishga yordam beradi.
Standartlashtirish jarayonidan so'ng har yili har bir ko'rsatkich bo'yicha bo'limga kiritilayotgan o'rtacha daraja hisobga olinadi. Frilans bozoriga kirishda tayyorgarlikni baholovchi indeks 4 ta bo'limdagi barcha natijalarni ifoda etuvchi o'rtacha arifmetik ko'rsatkichdir.
Mazkur uslubni qo'llash yordamida O'zbekistonning 2015—2020-yillarda frilans bozoriga kirishida mamlakat tayyorgarlik Indeksi hisoblab chiqildi.
Ma'lumot uchun, bugungi kunda O'zbekistonda “frilanser” termini qonunchilik darajasida mavjud emas. Biroq, ushbu terminning ma'nosini hisobga olganda (frilanser – bandlik turi bo'lib, bunda mutaxassis o'zini o'zi ish bilan ta'minlaydi) “o'zini o'zi band qilgan fuqarolar” atamasi bunga ko'proq mos keladi.
O'zini o'zi band qilgan fuqarolar — mehnat daromadi olishga yo'naltirilgan, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko'rsatish, ishlarni bajarish bo'yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida ro'yxatga olinmagan, o'z faoliyatida yollanma ishchilar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti axborot xizmati