Oʻzbekistonning haydovchilik guvohnomalari BAAda ham tan olinadi

    Xalqaro hamkorlik 4 Dekabr 2023 1165

    “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida haydovchilik guvohnomalarini oʻzaro tan olish va almashish toʻgʻrisida”gi Anglashuv memorandumi ikki davlat ichki ishlar vazirlari tomonidan imzolandi.

    Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

    Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga doir masalalarni muhokama qilish, Amirliklar tomonidan soʻnggi yillarda jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar bilan tanishish maqsadida mazkur mamlakatga tashrif buyurdi.

    Abu-Dabi shahrida BAA Bosh vaziri oʻrinbosari — Ichki ishlar vaziri general-leytenant Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar oʻzaro amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari, xususan, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yoʻnalishlarda xodimlarning malakasini oshirish va oʻzaro tajriba almashishni muhokama qildilar hamda istiqboldagi rejalarni belgilab oldilar.

    Tashrif doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati oʻrtasida haydovchilik guvohnomalarini oʻzaro tan olish va almashish toʻgʻrisida”gi Anglashuv memorandumi ikki davlat ichki ishlar vazirlari tomonidan imzolandi.

    Mazkur Anglashuv memorandumining kuchga kirishi bilan har ikki davlat fuqarolari oʻzlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon davlatining hududiga tashrif buyurgan davrda (uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno) transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻladilar.

    Shuningdek, BAA rezidenti boʻlgan (uzoq muddat yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega Oʻzbekiston fuqarolari esa Amirliklar haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod qilinishi koʻzda tutilgan.

    Hujjat 2024-yilning 27-yanvar kunidan kuchga kirishi belgilangan.

    Shuningdek, Vazirlik delegatsiyasi BAA Ichki ishlar vazirligining Innovatsiyalar laboratoriyasi, Baxt — saodat departamenti, Amaliyotlar bosh markazi, Strategiya va kelajak departamenti, Dubay politsiyasining Ye-jinoyat platformasi boshqaruv markazi, Jamoat politsiyasi, Kriminalistika va kriminologiya bosh departamenti, “Jang xonasi” – loyihalarni boshqarish markazi hamda Hedaya xalqaro markazlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

    IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi