Ushbu maʼlumot BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining A/HRC/60/56-sonli hujjati sifatida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining yillik hisoboti va Oliy komissar Boshqarmasi va Bosh kotib hisobotlari”da oʻz aksini topdi.
Mazkur hujjat 2025-yil 8-sentyabrdan – 3-oktyabrgacha Jenevada boʻlib oʻtayotgan Inson huquqlari boʻyicha kengashning oltmishinchi sessiyasida koʻrib chiqilmoqda.
Oʻzbekistonning ushbu hisoboti BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 57/10-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq tayyorlangan. Unda 2020–2024-yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi doirasida yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi taʼlim dasturlarini amalga oshirish yuzasidan amalga oshirilgan milliy choralar sharhi keltirilgan.
Hisobot 34 ta davlat, jumladan Oʻzbekiston tomonidan taqdim etilgan materiallar asosida tayyorlangan. Unda quyidagi toʻrt asosiy yoʻnalishda, yaʼni:
- davlat siyosati va uni amalga oshirish choralari;
- oʻquv dasturlari, metodik materiallar va vositalar;
- oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash;
- inson huquqlari sohasidagi taʼlim uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yoritilgan.
Hisobotda olingan maʼlumotlarga asoslangan xulosalar va inson huquqlari sohasidagi taʼlimni rivojlantirish hamda Jahon dasturining toʻrtinchi bosqichi doirasida erishilgan yutuqlarni mustahkamlash boʻyicha tavsiyalar ham bayon etilgan.
Keltirilgan misollar orasida Oʻzbekistonning bir qator tashabbuslari aks etgan. Shu oʻrinda, jumladan, 2021-yilda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish boʻyicha Milliy komissiya tashkil etilgani va davlat grantlari orqali inson huquqlari sohasiga taalluqli fuqarolik jamiyati loyihalarini qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilgani haqida soʻz boradi.
Oʻzbekistonning hisobot tayyorlash va taqdim etish jarayonida ishtirok etishi mamlakatning inson huquqlari sohasidagi umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro majburiyatlarga sodiqligini namoyon etadi. Bu boradagi ayni natija, oʻz navbatida, ushbu sohadagi global dasturni amalga oshirish yoʻlida qoʻyilgan muhim qadamlardan biridir.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazini matbuot xizmati.









