Muhokama chogʻida Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish masalalari ustuvor ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi. Mamlakatimizning Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyasi doirasida fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida BMT va Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari ratifikatsiya qilingan. Ayniqsa, yaqinda davlatimiz rahbarining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi tasdiqlangani yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Shu bilan birga, majlisda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qoʻllash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga toʻsqinlik qilayotgan qator muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi bilim va koʻnikmalari yetarli darajada shakllanmaganligi huquq-tartibot organlari imijiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi.
Senatorlar BMTning Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi ijrosi monitoringi natijalaridan ham alohida tashvish bildirdilar. Bu oʻrinda ijtimoiy infratuzilma obyektlari – yoʻllar, maktablar, universitetlar, poliklinikalar, shifoxonalar nogironlar uchun yetarli darajada moslashtirilmagani haqida soʻz bordi. Qolaversa, Brayl alifbosidagi darsliklar ham yetishmayapti.
Majlisda, shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibidagi boshqa masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Qoʻmita aʼzolari tomonidan har tomonlama keng va ochiq muhokamalar yakunlari boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.









