2024-yil Vashington universiteti professori Maykl Franchetti va Milliy arxeologiya markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Farhod Maqsudov rahbarligida Jizzaxning Baxmal tumanida Oʻzbek – Amerika qoʻshma ekspeditsiyasi natijasida Tugʻunbuloq yodgorligi aniqlandi. Ular birinchilardan boʻlib, Markaziy Osiyoda dron LIDAR tadqiqotlarini amalga oshirgan tadqiqotchilar hisoblanadi. Bu tadqiqot natijasida ular Oʻzbekistonning janubi-sharqida ikkita yangi arxeologik yodgorlikni aniqladi: Toshbuloq va Tugʻunbuloq. Bu shaharlar 2000-3000 metr balandlikda joylashgan boʻlib, milodiy VIII-XI asrlarga oid.
Tugʻunbuloq yodgorligi “National Geographic” loyihasi tomonidan qoʻllab quvvatlangan boʻlib, yodgorlikni aniqlashda yuqori aniqlikdagi sunʼiy yoʻldosh tasvirlari, 3D modellashtirish va boshqa koʻplab zamonaviy texnologiyalardan foydalanildi.
Topilmalar va olingan oʻrnaklarga koʻra, bu yodgorlikning yuqori qatlami – Qoraxoniylar davri, eng pastki qatlami esa Turk xoqonligi davri deya taxmin qilinmoqda. Bu qoʻshma ekspeditsiyada oʻsimlik makroqoldiqlar (urugʻlar), fitolitlar va yogʻoch koʻmirlar bilan ham tadqiqotlar olib borilib, qadimgi qishloq xoʻjaligi, oʻsimliklarning madaniylashuvi va uning ijtimoiy hamda ekologik oʻzgarishlarga taʼsiri oʻrganildi.