Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini faollashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 19 Iyun 2022 2434

    Joriy yil 17-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash boʻyicha Idoralararo komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir davomida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi jarayoni va joriy yil 21-22-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining navbatdagi 5-yigʻilishiga tayyorgarlikning borishi tanqidiy koʻrib chiqildi.

    Mamlakatimizning JSTga qoʻshilishi Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot Strategiyasining iqtisodiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, ushbu vazifani amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralarning bilimli va malakali kadrlarning yuqori salohiyatidan foydalanish lozimligi alohida taʼkidlandi.

    Tadbir doirasida Ishchi guruhning boʻlajak yigʻilishi doirasida koʻp tomonlama va ikki tomonlama muzokaralarga tayyorgarlikning borishi, shu jumladan ilgari taqdim etilgan Faktologik xulosa, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida maʼlumotlar va boshqa hujjatlarning boʻlib oʻtadigan muhokamasiga oid maʼlumotlar tinglandi.

    Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga Ishchi guruhning 5-yigʻilishi va muzokaralarga sifatli va har tomonlama tayyorgarlik koʻrish yuzasidan manzilli topshiriqlar berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boʻlajak tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtiradi va muntazam kuzatib boradi.

    Yigʻilish yakunida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishida ishtirok etish maqsadida safarga yuborilayotgan Muzokaralar guruhi har bir aʼzosining vazifalari, shu jumladan, Tashkilotga qoʻshilish boʻyicha muzokaralar jarayonini faollashtirishga doir choralar koʻrish hamda keyingi bosqichga, yaʼni Ishchi guruh Hisoboti loyihasini shakllantirishga oʻtish kabi vazifalar belgilab berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.