“Muhtaram Prezident janobi oliylari,
O‘zbekiston zaminida tavallud topib, o‘zining benazir iste’dodi, bilim va tafakkuri, ezgu fazilatlari bilan islom olamida shuhrat qozongan buyuk allomalarning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi faoliyatimizga alohida e’tibor qaratib, kamtarona mehnatimizga yuksak baho berganingizdan g‘oyat mamnunmiz va buning uchun Sizga samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz.
Hech shubhasiz, biz – islomshunos, termiziyshunos olim va tadqiqotchilar haqidagi iliq va haqqoniy fikrlaringiz bizni yanada ko‘proq izlanib, yangi-yangi tadqiqotlar yaratishga, islom dinining Siz ta’kidlab aytgan tinchlik, ezgulik va insonparvarlik mohiyatini keng ochib berishga ilhomlantiradi.
Biz o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlarimiz qoldirgan buyuk va bebaho merosni o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etish borasidagi sharafli va mas’uliyatli ishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan mamnunmiz”, – deyiladi murojaatda.
Ma’lumot uchun, xalqaro anjuman doirasida tegishli qaror hamda Termiz deklaratsiyasi qabul qilindi.