Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonning Pokistondagi elchixonasi hamkorligida mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish mavzusiga bagʻishlangan videokonferensiya oʻtkazdi.
Onlayn-muloqotda Pokiston Bosh vaziri maslahatchisi Gumman Kavar, Din ishlari boʻyicha federal vaziri Pir Nur-ul-Haq Qadriy, “Naqshbandiya” ordeni yetakchisi Pir Naqib ur-Rahmon, Ziyorat turizm elchisi Pir Hassib ur-Rahmon, Milliy Assambleya spikeri oʻrinbosari Qosim Kasuriy, Oʻzbekistonning Pokistondagi Axborot-turistik markazi direktori Hamid Chouduriy, “Shaheen Pharmaceuticals” sohibi Doud Shahin, Islom ideologiyasi jamiyati raisi Qibla Ayoz, “Petroleum Exploration Pvt.Ltd.” direktori Shahboz Zohir hamda nufuzli jurnalist Salim Safiy ishtirok etdi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Tadbir doirasida Naqshbandiya tariqati vakillari uchun Buxoroi sharif Makkai mukarrama va Madinai munavvara shaharlaridan keyin turishi qayd etildi. Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri oʻrinbosari Qosim Kasuriy oʻz mamlakatida Oʻzbekistonning muqaddas qadamjolarini ziyorat qiluvchi kishilar koʻpligi, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar yana-da mustahkamlanishi koʻplab pokistonliklarning Oʻzbekistonga ziyorat qilishiga imkon berishini taʼkidladi.
Aziz Abduhakimov, oʻz navbatida, Pokiston Milliy Assambleyasi spikeri oʻrinbosari Qosim Kasuriyni Oʻzbekistonga taklif qilib, qisqa muddatda unga rasmiy taklifnoma yoʻllanishini bildirdi. Pokiston tomon ushbu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi. Pokistonning Din ishlari boʻyicha federal vaziri Pir Nur-ul-Haq Qadriy Oʻzbekiston va Pokiston xalqini nafaqat iqtisodiyot, turizm, maʼnaviyat va adabiyot, balki madaniyat, sanʼat, umumiy tarix va yagona din hamda boshqa barcha sohalar chambarchas bogʻlab turishini alohida qayd etdi.
Ayniqsa, Pokiston oshxonasining eng sevimli taomi Buxoro palovi va oʻzbek somsasi ekanligi taʼkidlandi. Bosh vazir oʻrinbosari ikki tomonlama hamkorlik, jumladan ziyorat turizmi yoʻnalishidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash uchun viza va transport masalalarini takomillashtirish, aniq takliflarni amalga oshirishni jadallashtirish zarurligini taʼkidladi.
Tadbir yakuniga koʻra, tomonlar pokistonlik yirik siyosiy arboblar va turizm elchimizning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, ziyorat turizmini targʻib qilish boʻyicha alohida memorandum imzolashga oid kelishuvga erishdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.