5 tonnadan ortiq yuk tarkibida “Crafers”ning Boltiqboʻyi mamlakatlari bozori ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqarilgan 30 ga yaqin turdagi mahsulotlari bor.

Yetkazib berish ishlari Latviyaning “SA Partneri” va “Dinamik Lab” importchilarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida amalga oshirildi.

Taʼkidlash joiz, mahsulotlar sertifikatlangan boʻlib, bundan buyon Yevropa bozorlariga doimiy eksport qilinishi mumkin.

Shu maqsadda Riga shahrida mahsulotlarni taqsimlash markazini tashkil qilish ishlari boshlab yuborilgan, Riga bozoridagi Oʻzbekiston maydonchasida “Crafers” savdo shoxobchasi ish boshladi.

Markaz Boltiqboʻyi mamlakatlari va Skandinaviya bozorlariga mahsulotlarni ilgari surish bilan shugʻullanadi. Xususan, Litvada mahsulotlar “Oʻzbekiston shirinliklari” shiori ostida sotiladi. Ushbu shior Riga shahrida 200 dan ortiq mamlakat sayyohlik imkoniyatlari namoyish etilgan “Balttour – 2020” sayyohlik savdo yarmarkasi doirasida “Crafers” mahsulotlarini sotish maqsadida ishlab chiqilgan edi.

Litvaning “Dinamik Lab” kompaniyasi rahbari Gedeminas Stepanovichyus “Crafers” mahsulotlarining Boltiqboʻyi mamlakatlari bozoriga birinchi joʻnatmasi yetkazib berilishidan mamnunligini bildirdi. U mahsulotning oʻz kompaniyasi tomonidan sertifikatlanishi toʻgʻrisida maʼlum qildi va Riga shahridagi markazning Yevropa bozoriga yana-da kengroq chiqishini taʼminlashni maqsad qilganini qayd etdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.