«Dunyo« axborot agentligi xabariga koʻra, Yaqin Sharq mintaqasidagi soʻnggi voqealar fonida Qatarda jabrlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq.
1-mart holatiga koʻra, Qatar hududida 600 nafarga yaqin Oʻzbekiston fuqarosi boʻlib turibdi. Shundan:
- 31 nafari – diplomatik vakolatxonalar xodimlari va ularning oila aʼzolari;
- 40 nafari – Dohada tahsil olayotgan talabalar;
- 250 nafari – Qatarda vaqtincha ishlovchi fuqarolar;
- 270 nafari – turizm va boshqa sabab bilan safarda boʻlib turganlar.
Kecha, 28-fevral kuni Qatar havo hududining vaqtincha yopilishi va bir qator xalqaro reyslarning bekor qilinishi natijasida 48 nafar vatandoshlarimiz Doha shahridagi Hamad xalqaro aeroportida qolib ketgan. Ular Sharja, Dubay va Olma-Ota aeroportlari orqali Toshkentga uchib ketishlari kerak edi.
Hamad xalqaro aeroporti maʼmuriyati, “Qatar Airways”, “Air Arabia” va “Saudia Airlines” aviakompaniyalari yoʻlovchilarga mehmonxona taqdim etish imkoniyati yoʻqligini maʼlum qilgan.
Shu kunning oʻzida elchixona masʼul xodimlari aeroportga chiqib, fuqarolar bilan uchrashdi, ularning holati oʻrganildi hamda aviakompaniyalar va aeroport maʼmuriyati bilan muzokaralar olib borildi. Fuqarolar bilan doimiy aloqa oʻrnatilib, zarur konsullik yordami koʻrsatildi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda murojaat bilan chiqqan fuqaro va boshqa vatandoshlarimiz bilan kechaning oʻzidayoq aloqaga chiqilib, ularga amaliy yordam koʻrsatildi hamda fuqarolar vaqtincha mehmonxonaga joylashtirildi.
Reyslarning bekor qilinishi barcha davlatlar fuqarolariga taʼsir koʻrsatgan favqulodda vaziyat boʻlib, aviakompaniyalar tomonidan joylashtirish imkoniyatlari cheklangan sharoitda amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, elchixona mavjud imkoniyatlar doirasida fuqarolarimiz manfaatlarini himoya qilish va ularga yordam koʻrsatish ishlarini davom ettirmoqda.
Qatar havo hududining ochilishi va aviaqatnovlar qayta tiklanishidan soʻng, fuqarolarimizning Vatanga qaytishi mumkin boʻladi.
Ayni paytda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning yurtimizga xavfsiz qaytib ketishlariga koʻmaklashish boʻyicha ishlar izchil olib borilmoqda. Fuqarolar roʻyxati tuzilgan va u yangilab borilmoqda.
Elchixona oʻz navbatida yana bir bor fuqarolarimizni vahima qilmaslikka va vazminlikka hamda boʻlayotgan voqealar yuzasidan rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi. Shuningdek, xavfsizlik nuqtayi nazaridan Qatar rasmiy idoralari tomonidan berilayotgan koʻrsatmalar va qonun-qoidalarga toʻliq amal qilish, zaruratsiz koʻchaga chiqmaslik va odamlar gavjum joylardan uzoqroq boʻlish tavsiya etiladi.
Fuqarolar murojaat uchun elchixona konsuli Otabek Muratov bilan bogʻlanish mumkin: +974 5141 1001.