Oʻzbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Oybek Shaxavdinov Serbiya Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik protokol rahbari Branko Radovanovichga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi va Oʻzbekiston-Serbiya munosabatlarini yanada mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdorlik bildirdi.
Xorijiy tomon Oʻzbekistonning Serbiyaga birinchi elchisi tayinlanganini olqishlab, bu qadam ikki tomonlama hamkorlikning butun yoʻnalishiga yangi surʼat bagʻishlashini taʼkidladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Shaxavdinov 2024-yil 13-dekabr kuni Sloveniya Prezidenti Natasha Pirs Musarga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Oybek Shaxavdinov, shuningdek, Oʻzbekistonning Vengriyadagi birinchi, shuningdek, oʻrindoshlik asosida Xorvatiya va Chernogoriyadagi elchisi hisoblanadi.









