Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotgani, bu jarayonda Tataristonning oʻrni alohida ekani taʼkidlandi.
Sodiq Safoyev Rustam Minnixanovning Tataristonni har tomonlama rivojlantirish, Rossiyaning eng dinamik va innovatsion hududlaridan biriga aylantirish yoʻlidagi faoliyatini eʼtirof etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi. Soʻnggi yillarda neft-gaz, neft-kimyo, avtomobilsozlik, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida bir qator qoʻshma loyihalar amalga oshirildi.
Shuningdek, Jizzax shahrida Qozon federal universiteti filiali faoliyat yuritayotgani va bu Oʻzbekiston hamda Tatariston oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik samarasi ekani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro aloqalarni yanada faollashtirish, amaliy loyihalarni kengaytirish hamda ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.