Uchinchi davriy milliy maʼruzani koʻrib chiqishda Oʻzbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mutasaddi davlat organlari rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi hamda 10ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qatnashmoqda.

Qoʻmita yigʻilishida mehnat qilish huquqi, adolatli mehnat sharoitlari, kasaba uyushmalarini tashkil etish, nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnat qilish huquqi, kambagʻallikni qisqartirish, aholini ijtimoiy taʼminotga boʻlgan huquqlarni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Qoʻmita raisi M.E. Abdel-Moneim va qoʻmita aʼzolari P.Saran, L.Xennebel Oʻzbekiston tomonidan Pakt qoidalari va Qoʻmita tavsiyalarini bajarish boʻyicha amalga oshirilayotgan qonunchilik, institutsional, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, qoʻmita aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasining Uchinchi davriy milliy maʼruzasi boʻyicha savollar bilan yuzlandi. Interfaol muloqot davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi savollarga amaldagi qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyoti, davlat statistik maʼlumotlariga asoslanib tushuntirishlar berdi.

Qoʻmita aʼzolari tomonidan taqdim etilgan savollar tahlili shuni koʻrsatadiki, xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish sohasidagi islohotlarni qoʻllab- quvvatlaydi.