Oʻzbekiston—Qozogʻiston chegarasida uzunligi 310 metr boʻlgan yashirin yerosti yoʻli fosh etildi

    Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy yerosti yoʻli (tunnel) aniqlandi va Hindistonda ishlab chiqarilgan 1 mlrd. soʻmlik dori vositalari olindi.

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Chegara qoʻshinlari va “Toshkent-Aero” IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Hindistondan Qozogʻiston orqali mamlakatimizga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shugʻullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

    Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari “Dehli-Toshkent-Olmaota” aviayoʻnalishi orqali tranzit tarzda “Olmaota” xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yoʻli orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFY hududiga oʻtkazilgan.

    Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolaridan jami 1 mlrd. 94 mln. 342 ming soʻmlik, Hindistonda ishlab chiqarilgan Albumin, Remdesivir, Meropenem kabi jami 107 nomdagi 17048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

    Taʼkidlash lozimki, 1975-y.t. fuqaroning Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFYdagi uyini Qozogʻistonning Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punkti bilan bogʻlovchi yerosti yoʻlining uzunligi 310 metrni tashkil etadi.

    Yerosti yoʻli havo ventilyatsiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga moʻljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.

    Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.