Mudofaa vazirligi ma'lum qilishicha, o'quvlarning oxirgi kunida Termiz dala-o'quv maydonida mashg'ulotning asosiy bosqichi o'tkazildi. Unda ikki davlat harbiylari birgalikda shartli qurollangan to'dalarni turli sharoitlarda zararsizlantirish bo'yicha amaliy harakatlarni olib bordi. Taktik-o'quv mashg'ulotlarini Turkiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig'i armiya generali Yashar Guler hamda O'zbekiston Mudofaa vazirining birinchi o'rinbosari – Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig'i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bevosita kuzatdi.
Maxsus-taktik o'quvda nafaqat ikki davlat armiyasi, shuningdek, mamlakatimiz Qurolli kuchlari tuzilmalari o'rtasida hamkorlikda harakatlanish ko'nikmalarini oshirishga ham e'tibor qaratildi.
Ta'kidlash kerakki, hamkorlikdagi o'quv mashg'uloti o'zbek va turk harbiylari uchun o'zaro tajriba almashish, bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash, eng muhimi, o'zaro hamjihatlik va do'stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Maxsus-taktik o'quvlar yakunida unda faol qatnashgan har ikki mamlakat harbiy xizmatchilariga esdalik sovg'alari topshirildi.