Kuni kecha oʻtkazilgan mazkur yigʻilishda Muassasa va uning hududiy boʻlimlari faoliyatining 7 oylik yakunlari jiddiy, tanqidiy tahlil qilindi. Yigʻilishni Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari B.Ahmedov ochib, bugungi kunda yurtimizda madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish uchun katta eʼtibor qaratilayotganligi, koʻplab imkoniyatlar yaratilayotgani, bu esa butun madaniyat vazirligi tizim tashkilotlari xodimlari hamda sanʼat ahliga quvonch bagʻishlashi barobarida, yuksak masʼuliyat ham yuklashini maʼlum qilib, bunda har bir xodim katta islohotlar bilan tobora rivojlanish sari yuz tutayotgan mamlakatimiz taraqqiyotiga hamda Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan olib borilayotgan keng islohotlarga munosib hissa qoʻshishi lozimligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, ayni jarayonda “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi oldida ham juda katta vazifalar turganligini ammo ularni bajarishda hududiy boʻlimlar tomonidan sustkashliklarga yoʻl qoʻyilayotganini bildirib, qoniqarsiz natija koʻrsatayotgan xodimlar ish faoliyatini chuqur tahlil qilish va mavjud masalalarga aniq yechim topish haqida Muassasa rahbariyatiga topshiriq berdi.

Shundan soʻng, yigʻilish “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi rahbari J.Uzoqov boshchiligida davom etdi va kun tartibidagi masalalarga navbat berildi. Unga koʻra, yil boshidan buyon ish faoliyatidagi litsenziyalash, konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish, ijodkor yoshlar bilan ishlash hamda Mustaqilligimizning 30 yilligini keng nishonlash borasida koʻrilayotgan tayyorgarlik jarayonlari, yosh iqtidorlarni kashf etish kabi bir qator masalalar boʻyicha hududiy boʻlimlar hisobotlari koʻrib chiqilib, jiddiy tahlil qilindi.

Natijalarga koʻra, ish faoliyati mutlaqo qoniqarsiz deb topilgan Toshkent, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlari boʻlim boshliqlari lavozimidan ozod etildi. Bundan tashqari bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Buxoro viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri hududiy boʻlim boshliqlariga hayfsan berildi. Xorazm viloyati boʻlim boshligʻiga yangi tayinlangani munosabati sanʼat jihatidan vohaning imkoniyati juda yuqori ekanligi hisobga olinib, bir oy davomida Muassasa faoliyatiga oid hududdagi barcha koʻrsatkichlarni yaxshilash haqida koʻrsatma berildi.

Yigʻilish yakunida J. Uzoqov kun tartibida koʻrilgan masalalar yuzasidan barcha toʻgʻri xulosa qilishi kerakligi, bundan keyingi ish faoliyatini qatʼiy talab asosida olib borishini, kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etib, natijalarni yaxshilashini, shuningdek, hududlarda ijod qilayotgan isteʼdodli yoshlarni, yangi ovozlarni kashf etish, ularning ijodiga koʻmaklashish borasida doimiy izlanishda boʻlish lozimligini alohida taʼkidladi.

Bundan tashqari, yigʻilish ishtirokchilariga doimiy ravishda ustoz-shogird anʼanalari asosida katta avlod sanʼatkorlari hamda yosh isteʼdodlarning mahorat saboqlarini tashkil etib borish, yangi qoʻshiqlar kuylanishi uchun shoir-bastakor va xonanda ijodiy uchligining hamkorligini taʼminlash, joylardagi telekanallar bilan ustoz sanʼatkorlar haqida turli koʻrsatuvlar tayyorlash kabi ijodni ragʻbatlantirishga oid bir qator vazifalar ham belgilab berildi.